Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mirzaobod tumani sobiq hokimi jinoiy jazoga tortildi
Jinoyat ishi Sardoba suv omboridagi favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq: tumanni 2020-2023 yillarda boshqargan Jonibek Yariyev toshqinda uy-joyi buzilgan oilalar uchun qurilgan o‘nga yaqin yangi uyni belgilangan talablarga zid ravishda berib yuborgan.
Foto: Sirdaryo viloyat hokimligi
Mirzaobod tumani sobiq hokimi Jonibek Yariyev jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
Sudning hukmiga ko‘ra, tumanga 2020-2023 yillarda hokimlik qilgan Jonibek Yariyev mansab vakolatini suiiste’mol qilgan. U Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqindan so‘ng yashash joyidan ayrilgan oilalar uchun qurilgan uylarni bir nechta holatda belgilangan talablarga zid ravishda berib yuborgan. Bu orqali davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan.
Xalq deputatlari Mirzaobod tuman kengashining 2020 yil 3 noyabrdagi qarori bilan Sardoba suv ombori to‘g‘onidan suv toshishi oqibatida jabr ko‘rgan oilalar uchun 2020 yil davomida qurilgan ko‘p qavatli uy-joylarni topshirish tartibi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, uy-joyi buzilgan yoki yashab bo‘lmaydigan holatga kelgan oilalarga uy-joy taqsimlash bilan bog‘liq hujjatlarni o‘rganish natijalari bo‘yicha yakuniy qaror mahalliy kengashi tomonidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan. Biroq sobiq hokim va o‘sha paytda mahalliy kengash raisi bo‘lgan Jonibek Yariyev uy-joyga egalik qilish huquqini beruvchi davlat orderisiz hamda kengash qarorisiz o‘nga yaqin holatda uylarni berib yuborgan.
Jumladan, Sardoba tumani Yurtdosh mahallasida yashagan fuqaro N.A.ga uning uy-joylari yaroqli deb topilgani sababli xalq deputatlari Sardoba tuman kengashining qarori bilan uy-joy berilishi rad etilgan. Ammo Jonibek Yariyev unga uy-joyi buzilgan yoki yashab bo‘lmaydigan holatga kelgan oilalar uchun qurilgan xonadonlardan birini bergan.
Bundan tashqari, uy-joy taqsimlashda buzilgan yoki yashab bo‘lmaydigan holatga kelib qolgan uyda nechta oila yashaganidan qat’iy nazar, har bir uy-joy kadastriga muvofiq bitta uy berilishi belgilangan. Ammo sobiq hokim ushbu talabni ham buzgan. Shuningdek, texnogen ofat oqibatida zarar yetgan uyi to‘liq ta’mirlab berilgan fuqarolarga ham yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardan xonadon ajratib bergan.
Jonibek Yariyev JIB Xovos tuman sudi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi hamda 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 foizini davlat davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2,5 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Shuningdek, sobiq hokimga BHMning 105 baravari miqdorida jarima jazosi ham qo‘llangan.
Sirdaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2025 yil 17 oktyabrdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Ma’lumot uchun, Jonibek Yariyev Mirzaobod tumani hokimi lavozimiga 2020 yil noyabr oyida tayinlangan. 2023 yil oktyabr oyida lavozimidan ozod etilgan va uning o‘rnini Sarvar Sultonov egallagan.
Mavzuga oid
10:59 / 24.10.2025
Qora Gentraʼdagi bezorilar jinoiy jazoga tortildi
14:40 / 08.08.2025
Marg‘ilonda ko‘chada o‘ynab o‘tirgan yosh bolani Gentra'da bosib ketgan haydovchiga hukm o‘qildi
17:18 / 08.02.2025
“Sen qulsan” – Kosonda kelinini muntazam xo‘rlab kelgan qaynota va qaynona hamda ularning o‘g‘li ozodlikdan mahrum qilindi
16:43 / 20.01.2025