Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oltin narxi 3 haftalik minimumga tushdi
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo tarangligi yumshashi haqidagi umidlar qimmatbaho metall narxini tushirmoqda. Jahon bozoridagi narx dinamikasi O‘zbekistonda sotilayotgan oltin quymalarda ham aks etdi – 5 grammlik quymalar narxi bir kunda 2,3 foizga, o‘tgan haftaga nisbatan esa 8,3 foizga arzonladi.
27 oktyabr kuni oltin narxi 2 foizdan ko‘proqqa pasayib, so‘nggi uch haftadagi eng past darajaga tushdi. Bunga AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo tangligining yumshashi haqidagi umidlar sabab bo‘ldi, deya xabar beradi Reuters.
Tomonlarning kelishib olishi borasidagi umidlar riskli aktivlarga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirib, “xavfsiz boshpana” hisoblangan oltinga talabni kamaytirdi. Shuningdek, shu hafta bo‘lib o‘tadigan AQSh Federal zaxira tizimi yig‘ilishi ham investorlar e’tiborida turibdi.
Seshanba kuni spot-oltin narxi 2 foizga tushib, unsiyasi uchun 3 899,94 dollarni tashkil etdi – bu 6 oktyabrdan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkich. Dekabr oyida yetkazib beriladigan AQSh oltin fyucherslari esa 2,6 foizga kamayib, 3 915,30 dollarga teng bo‘ldi.
Dushanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy bilan savdo kelishuvi tuzilishiga ishonch bildirdi. U Malayziyaga tashrifi davomida Janubi-Sharqiy Osiyoning to‘rtta davlati bilan savdo va strategik minerallar bo‘yicha bitimlar imzolaganini e’lon qildi.
Yakshanba kuni esa AQSh va Xitoyning iqtisodiyot bo‘yicha yuqori martabali amaldorlari Tramp va Si payshanba kuni muhokama qiladigan savdo kelishuvi loyihasi ustida kelishib oldi.
Shu bilan birga, Federal zaxira chorshanba kuni yakunlanadigan yig‘ilishida foiz stavkasini pasaytirishi kutilmoqda. Investorlar Fed raisi Jyerom Pauyellning keyingi siyosat yo‘nalishlari bo‘yicha izohlarini kutmoqda.
O‘zbekistonda ham oltin narxi pasaydi
Markaziy bank 28 oktyabr uchun o‘lchovli oltin quymalar narxini belgiladi. Unga ko‘ra:
- 5 gramm – 7 969 000 so‘m
- 10 gramm – 15 934 000 so‘m
- 20 gramm – 31 867 000 so‘m
- 50 gramm – 79 669 000 so‘m
- 100 gramm – 159 336 000 so‘mni tashkil qilmoqda.
Quymalar narxi 27 oktyabrga nisbatan 2,5 foizga, hafta davomda esa 8,3 foizga arzonladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabr oyida Toshkentda oltin quymalarining yangi partiyasi deyarli tugagan.
Oltin – an’anaviy “xavfsiz boshpana” aktiv
Bu qimmatbaho metall odatda foiz stavkalari past bo‘lgan muhitda qadrlanadi, chunki u daromad keltirmaydigan, lekin ishonchli sarmoya turidir.
2025 yil boshidan beri spot-oltin narxi 53 foizga oshib, 20 oktyabr kuni tarixiy rekord – 4 381,21 dollarga yetgan edi. Biroq so‘nggi haftada u 3,2 foizga tushdi.
Citibank tahlilchilari dushanba kuni 0-3 oylik prognozini 4 000 dollardan 3 800 dollarga tushirdi. Capital Economics esa 2026 yil oxiri uchun prognozini 3 500 dollar deb belgiladi.
Mavzuga oid
09:20
Chegaradan noqonuniy olib o‘tilgan 1,1 mlrd so‘mlik oltin qo‘lga olindi
19:19 / 04.12.2025
O‘zbekiston oktyabrda oltinning eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi
07:28 / 02.12.2025
Dunyodagi butun oltin zaxirasi bitta infografikada
10:56 / 01.12.2025