Texnologiya | 14:57 / 28.10.2025
1495
2 daqiqa o‘qiladi

OpenAI musiqa yaratuvchi SI ustida ishlamoqda

TChatGP’ni yaratgan OpenAI kompaniyasi yangi yo‘nalishga kirib bormoqda. Endi u so‘zlardan tashqari, musiqa yaratishga qodir sun’iy intellekt ustida ishlamoqda. Bu haqda The Information nashri xabar berdi.

OpenAI bu loyihani dunyodagi eng mashhur san’at maktablaridan biri — Julliard School bilan hamkorlikda olib bormoqda. Mutahassislar musiqiy notalarni belgilab, sun’iy intellekt uchun o‘quv ma’lumotlar bazasini tayyorlashmoqda. Maqsad — SIni musiqani faqat “tahlil qiladigan” emas, balki “yaratadigan” darajaga olib chiqish.

Yangi tizim ikki yo‘nalishda ishlashi kutilmoqda: u musiqani noldan bastalay oladi yoki mavjud treklarga yangi asboblar va ohanglar qo‘shadi. Shu orqali sun’iy intellekt inson ijodini to‘ldiruvchi vositaga aylanishi mumkin.

Ekspertlar fikricha, OpenAI bu loyiha orqali SI musiqa bozorida jiddiy o‘rin egallashi mumkin. Hozircha bu sohada Suno va Udio kabi platformalar yetakchilik qilmoqda, biroq OpenAI ularga kuchli raqib bo‘lishi ehtimoli katta.

Kompaniya hozircha loyiha tafsilotlarini ochiqlamagan. Manbalarga ko‘ra, tizim ChatGPT yoki Sora kabi mavjud xizmatlarga integratsiya qilinishi yoki mustaqil platforma sifatida taqdim etilishi mumkin.

Bu OpenAI uchun musiqaga ilk bor kirish emas. Kompaniya ilgari MuseNet (2019) va Jukebox (2020) loyihalari orqali sun’iy intellekt yordamida musiqa yaratishni sinab ko‘rgan edi.

ChatGPT matn yozish orqali mashhur bo‘lgan bo‘lsa, endi u musiqa yaratish bosqichiga o‘tmoqda. Ya’ni yaqin kelajakda biz tinglaydigan qo‘shiqlarning muallifi inson emas, balki sun’iy intellekt bo‘lishi mumkin.

Muallif:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid