Texnologiya | 11:48 / 28.10.2025
2941
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston agrar tarmog‘iga sun’iy intellekt kirib keladi

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev Malayziyaning Meraque Group Sdn Bhd kompaniyasi bosh ijrochi direktori Moxammad Razali Ismail bilan video-aloqa orqali muloqot qildi. Suhbatda agrar tarmoqqa sun’iy intellekt (AI) yechimlarini joriy etish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik kengaytiriladi.

Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida raqamli transformatsiyani jadallashtirish, AI va boshqa ilg‘or raqamli texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha kelishib oldilar. Tahlillarga ko‘ra, AI yechimlari suv va o‘g‘it sarfini optimallashtirish, hosildorlikni ma’lumotlar asosida boshqarish hamda mehnat unumdorligini bir necha barobar oshirish imkonini beradi.

Asosiy kelishuv va tashabbuslar

Ta’lim va kadrlar: Toshkent davlat agrar universitetida sun’iy intellekt yo‘nalishi bo‘yicha yangi ta’lim dasturi ochish taklifi ilgari surildi.
Amaliyot va malaka: sohadagi mutaxassislar va yosh kadrlar uchun malakani oshirish hamda amaliy o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.
Amaliy loyihalar: suv tejamkorligi, aniq dehqonchilik, hosildorlikni prognoz qilish va logistika jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha AI-pilot loyihalar ishlab chiqiladi.
Infratuzilma: ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash uchun agro-ma’lumotlar platformasi hamda sensor/dron monitoringi kabi texnologik yechimlardan foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

Hamkorlikning aniq yo‘nalish va ustuvor vazifalarini belgilash uchun navbatdagi muzokaralar o‘tkaziladi.

Qishloq xo‘jaligi korxonalarida pilot hududlar tanlanib, iqtisodiy samaradorlik baholangan holda bosqichma-bosqich kengayish amalga oshiriladi.

Matnda ta’kidlanishicha, global agrar bozorda raqobatning hal qiluvchi omillari — bilim, texnologiya va tahlil. Shu sharoitda O‘zbekistonning AI yo‘nalishidagi tashabbuslari faqat yangi o‘quv dasturlari emas, balki tarmoq tafakkurini zamon talablariga mos ravishda yangilashga qaratilgan strategik qadam sifatida baholanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid