Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polshada josuslikda gumonlanib ikki ukrainalik qo‘lga olindi
Polshaning Harbiy kontrrazvedka xizmati (SKW) va Ichki xavfsizlik agentligi (ABW) xorijiy razvedka foydasiga josuslik qilganlikda gumonlangan ikki nafar Ukraina fuqarosini qo‘lga oldi. Bu haqda dushanba, 27 oktyabr kuni maxsus xizmatlar bo‘yicha vazir-koordinator matbuot kotibi Yatsek Dobjinskiy ma’lum qildi.
«Yoshi 32 va 34 da bo‘lgan erkak va ayolga razvedkaviy vazifalar yuklatilgan, jumladan Polsha harbiy salohiyatini aniqlash hamda tanqidiy ahamiyatga ega infratuzilmalarni yashirin kuzatish uchun qurilmalar o‘rnatish», — deb yozdi Dobjinskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.
Unga ko‘ra, to‘plangan ma’lumotlar Polsha harbiy xizmatchilari va mamlakat hududidagi tanqidiy infratuzilma obektlariga, shu jumladan Ukrainaga logistika va harbiy yordam ko‘rsatishda ishtirok etuvchi transport yechimlariga taalluqli bo‘lgan. Shu bilan birga, ukrainaliklar qaysi maxsus xizmatlar manfaatida ishlagani ochiqlanmagan.
ABW press-relizida qayd etilishicha, qo‘lga olish 2025 yil 14 oktyabr kuni Polsha janubidagi Katovitse shahrida amalga oshirilgan. Ertasi kuni har ikki gumonlanuvchi prokuraturaga olib borilib, ularga ayblov e’lon qilingan. Sud prokurorning iltimosnomasini qanoatlantirib, ularni uch oy muddatga qamoqqa olishga hukm chiqargan.
Bir hafta oldin Polsha Bosh vaziri Donald Tusk mamlakat hududida diversiyalar tayyorlayotganlikda gumon qilinayotgan sakkiz kishi qo‘lga olinganini xabar qilgan edi. Ulardan biri — Ukraina fuqarosi Danilo X., u Polsha va Ruminiya hududida RF maxsus xizmatlari uchun ishlagani aytilganini ABW aniqlashtirgan. Unga yordam berishda ayblanayotgan yana ikki ukrain fuqarosini rumin huquq-tartibot organlari qo‘lga olgan.
Dobjinskiyning so‘zlariga ko‘ra, «so‘nggi oylar ichida ABW xodimlari jami 55 kishini Rossiya razvedkasi topshirig‘iga binoan Polshaga zarar yetkazish faoliyatida ayblab qo‘lga olgan».
Mavzuga oid
20:37 / 16.05.2026
Levandovski «Barselona»ni tark etishini e’lon qildi
09:54 / 28.03.2026
Polsha minglab o‘zbekistonliklarni ishga olmoqchi
11:53 / 25.03.2026
Polshada O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi
18:09 / 23.03.2026