Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada endi armiyaga chaqiruv yil bo‘yi davom etadi
Duma «abadiy» chaqiruv to‘g‘risida qonunni qabul qildi.
Davlat Dumasi uchinchi, yakuniy o‘qishda fuqarolarni butun kalendar yili davomida – 1 yanvardan 31 dekabrgacha harbiy xizmatga chaqirish imkoniyatini belgilovchi qonunni ma’qulladi.
Hujjatga ko‘ra, harbiy komissarliklar yil davomida tibbiy tekshiruv, psixologik tanlov va chaqiruv komissiyalari yig‘ilishini o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
Bunda chaqiriluvchilarni xizmat joylariga yuborish avvalgi muddatlarda – yiliga ikki marta: 1 apreldan 15 iyulgacha va 1 oktyabrdan 31 dekabrgacha saqlanib qoladi.
Endi chaqiruv qog‘ozlari chaqiriluvchilarga yil davomida, aniq oylarga bog‘lanmagan holda yuboriladi.
Tashabbus mualliflarining tushuntirishicha, yangilik harbiy komissarlik ishini «yengillashtirish», chaqiruv punktlariga yuklamani teng taqsimlash va fuqarolarni xizmatga tanlash sifatini oshirish imkonini beradi.
Ikkinchi o‘qishda qonun loyihasiga bir qator tuzatishlar kiritildi. Xususan, ulardan biri elektron chaqiruv qog‘ozlarining amal qilish muddatini 30 kun bilan cheklaydi. Hozir bunday chaqiruv qog‘ozlari muddatsiz amal qiladi, bu esa chet elga chiqish imkoniyatini cheklaydi.
Yangi 30 kunlik qoida, harbiy yuristlarning fikricha, chaqiruvni o‘tkazishning tezkorligini saqlab qolgan holda, harakatlanish erkinligini haddan tashqari cheklashning oldini oladi.
Urush boshlanganidan beri Rossiya hukumati harbiy xizmatga chaqirish sohasidagi qonunchilikni bir necha bor kuchaytirdi. Chaqiruv yoshining eng yuqori chegarasi 27 yoshdan 30 yoshga oshirildi, harbiy komissariatlar esa chaqiruv qog‘ozlarini elektron shaklda yuborish imkoniyatiga ega bo‘ldi va bunday chaqiruv qog‘ozi avtomatik ravishda topshirilgan deb hisoblana boshlandi. Chaqiruv qog‘ozi bo‘yicha kelmaganlar uchun turli cheklovlar joriy etildi – endi ularga chet elga chiqish, avtomobil boshqarish va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar tuzish taqiqlandi.
Mavzuga oid
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
12:13 / 19.06.2026
Moskvaga urush davridagi eng yirik hujum – suratlar
08:28 / 19.06.2026
Sofiya Rossiyaga qarshi yangi cheklovlarga qarshi chiqdi
08:22 / 19.06.2026