Jahon | 21:43 / 29.10.2025
6257
2 daqiqa o‘qiladi

Putin «Poseydon» yadroviy torpedosi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini aytdi

Uning ta’kidlashicha, «harakat tezligi va chuqurligi bo‘yicha» dunyoda bunday uskuna yo‘q va yaqin orada paydo bo‘lishi dargumon.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin «mo‘jizaviy qurollar»ning muvaffaqiyatli sinovi haqida gapirishda davom etmoqda. «Burevestnik» qit’alararo qanotli raketasidan so‘ng, davlat rahbari «Poseydon» yadroviy torpedosini taqdim etdi. U bu haqda Mandrik nomidagi markaziy harbiy klinik gospitalga tashrifi chog‘ida aytdi.

«Kecha biz yana bir istiqbolli kompleks - «Poseydon» suvosti ekipajsiz mahsulotini sinovdan o‘tkazdik. U ham yadroviy energiya qurilmasi bilan. Biz birinchi marta nafaqat start dvigatelini suvosti kemasidan ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldik, balki torpedodagi atom energiya qurilmasini ham ishga tushirdik», dedi Putin.

Uning ta’kidlashicha, «harakat tezligi va chuqurligi bo‘yicha» dunyoda bunday uskuna yo‘q va yaqin orada paydo bo‘lishi dargumon.

«Bu ulkan muvaffaqiyat... «Poseydon»ning quvvati bizning eng istiqbolli qit’alararo masofaga mo‘ljallangan «Sarmat» raketamiz quvvatidan ham ancha ortiq... Uni to‘xtatib qolish usullari mavjud emas», deb qo‘shimcha qildi Putin.

«Poseydon» torpedasi suv osti droni deb ham ataladi. 2018 yilda Putin u «katta chuqurlikda va qit’alararo masofaga suv osti kemalari, eng zamonaviy torpedolar va barcha turdagi suvusti kemalarining tezligidan bir necha baravar yuqori tezlikda harakatlana olishini» aytgan edi. Torpedo qirg‘oq infratuzilmasi va dushman hududini yo‘q qilish uchun qo‘llanilishi rejalashtirilgan.

Birinchi «Poseydon» torpedo tashuvchisi - «Belgorod» suvosti kemasi 2019 yil 23 aprelda «Sevmash» zavodida suvga tushirilgan, ammo faqat 2022 yil iyun oyida Barens dengizida davlat sinovlaridan o‘tgan. U 2022 yil 8 iyulda Harbiy-dengiz flotiga topshirilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid