Jahon | 12:11 / 29.10.2025
1607
2 daqiqa o‘qiladi

Rheinmetall Bolgariyada harbiy zavod barpo etilishini e’lon qildi

Nemis konserni Rheinmetall Bolgariya hokimiyati bilan 155 mm kalibrli snaryadlar ishlab chiqarish zavodini qurish bo‘yicha kelishuvga keldi. Loyihaga 1 mlrd yevro investitsiya kiritiladi, korxona 2027 yilda ishga tushiriladi.

Foto: Julian Stratenschulte/dpa/picture alliance

Nemis mudofaa konserni Rheinmetall AG Bolgariyada artilleriya snaryadlari ishlab chiqarish zavodi qurilishi yuzasidan kelishuvga erishgani haqida xabar berdi. Bu haqda kompaniya saytida seshanba, 28 oktyabr kuni e’lon qilindi.

Rheinmetall Bolgariya markazidagi Sopot shahrida Vazov mashinasozlik zavodi (VMZ) bilan bitim tuzdi. Ikki kompaniya 51 foiz ulush nemis tomoniga, 49 foizi — bolgar tomoniga tegishli bo‘lgan qo‘shma korxona tuzadi. Yangi korxonaga umumiy investitsiyalar hajmi taxminan 1 mlrd yevroni tashkil etadi, u qariyb 1000 ta ish o‘rni yaratadi.

Zavod yiliga taxminan 100 000 dona artilleriya snaryadlari va ular uchun 150 000 ta jangovar zaryad, shuningdek 1300 tonna porox ishlab chiqarishi kutilmoqda. Ishlab chiqarishni 2027 yilda boshlash rejalashtirilgan.

«Imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonchi uchun Bolgariya hukumatiga minnatdorchilik bildiramiz, — dedi Rheinmetall bosh direktori Armin Papperger. — Yangi zavod ochilishi bilan artilleriya o‘q-dorilari ishlab chiqaruvchisi sifatida yetakchi mavqeimizni yanada mustahkamlaymiz va YeI hamda NATOning mudofaa salohiyatini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz».

«Biz Germaniyaning texnologik tajribasi va Bolgariyaning sanoat salohiyatini birlashtiruvchi hamkorlik poydevorini qo‘yamiz — bu Yevropa uchun yanada xavfsiz kelajakni barpo etishga xizmat qiladi», — dedi shartnoma imzolash marosimida Bolgariya bosh vaziri Rosen Jyelyazkov. Uning so‘zlari Bolgariya hukumatining press-relizida keltirilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, zavod 14 oy ichida qurilishi va 155 mm kalibrli snaryadlar ishlab chiqarishi lozim.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid