O‘zbekiston | 18:48 / 29.10.2025
2392
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda YuNeSKO milliy komissiyalari uchrashuvi boshlandi

Dastur bo‘yicha sessiyalar yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli davrda madaniyatlar va jamoalarning o‘zaro muloqotiga bag‘ishlandi.

29 oktabr kuni Samarqandda YuNeSKO ishlari bo‘yicha milliy komissiyalarning XII mintaqalararo uchrashuvi boshlandi.

YuNeSKO bosh direktori o‘rinbosari Sin Syuy va YuNeSKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi raisi, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova tabrik so‘zlarini yo‘lladi.

Umerova o‘z nutqida Samarqandning tamaddunlar chorrahasi sifatidagi ramziyligini ta’kidlab, YuNeSKO tomonidan belgilab berilgan sheriklik va birdamlik ruhini yangilash muhimligini qayd etdi.

Ertalabki dastur mavzuga oid ikki sessiyadan iborat bo‘ldi. Birinchisi yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish hamda barqaror rivojlanish uchun ularning tinchlik, inson huquqlari, ijtimoiy inklyuziya va ta’limni ilgari surishdagi roliga bag‘ishlandi. Muhokamada YuNeSKO, shuningdek, Germaniya, Kanada va Keniya milliy komissiyalari vakillari ishtirok etdi.

Ikkinchi muhokama shu’basi raqamli davrda madaniyatlar va jamoalarning o‘zaro muloqotiga bag‘ishlanib, unda madaniy meros, barqaror turizm va Ipak yo‘li yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. So‘zga chiqqanlar orasida YuNeSKO hamda Fransiya, Kyurasao va O‘zbekiston milliy komissiyalari vakillari bo‘ldi.

Mavzuga oid