Texnologiya | 13:10 / 29.10.2025
3129
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung uch qismga ochiladigan ekranli telefonni namoyish qildi

Samsung Electronics kompaniyasi uch qismga ochiladigan ekranga ega telefonni taqdim etdi, deb xabar beradi The Verge.

Foto: SeongJoon Cho / Bloomberg / Getty Images

Telefon Janubiy Koreyaning Kyondju shahrida APEC sammiti doirasida o‘tgan ko‘rgazmada namoyish etildi. Qurilma shisha ortida, yopiq va yoyilgan holatda qo‘yildi. Shu bilan birga unga tegish mumkin emas edi.

Bloomberg avval xabar qilganidek, bu Samsung’ning ikki sharnirli birinchi telefoni bo‘lib, u ham oddiy smartfon, ham planshet sifatida ishlay oladi. Qurilmaning texnik xususiyatlari noma’lum.

The Verge ta’kidlashicha, ushbu modelning nomi yo‘q. Shu bilan birga Janubiy Koreyaning Dailian nashri qurilma Galaxy Z Trifold deb atalishini yozdi.

Samsung SamMobile nashriga ma’lum qilishicha, o‘tkazilgan taqdimot «tadqiqot va ishlanmalar sohasidagi joriy sa’y-harakatlarni aks ettiradi» va kompaniya 2025 yil oxiriga qadar «kelgusi avlod qurilmasi»ni namoyish etishni rejalashtirmoqda.

Ilgari Samsung uch qismga yoyiladigan ekranli telefon konseptlarini ko‘rsatgan edi, ammo bu safar kompaniya yaqin orada sotib olish mumkin bo‘ladigan birinchi qurilmani taqdim etgan bo‘lishi mumkin, deb yozadi The Verge.

Samsung kompaniyasi ekran ikki qismga yoyib ochiladigan birinchi telefonini 2019 yilda taqdim etgan. 2025 yil iyulida esa janubiy koreyalik ishlab chiqaruvchi kitob shaklidagi yettinchi avlod buklanuvchi smartfoni — Galaxy Z Fold 7’ni chiqardi.

Dunyoda ekran uch qismga yoyib ochiladigan birinchi telefonni 2024 yilda Xitoyning Huawei kompaniyasi taqdim etgan. 2025 yil sentabrida ishlab chiqaruvchi qurilmaning ikkinchi avlodini chiqarishini e’lon qildi.

Bloomberg avval yozganidek, Apple ham o‘zining birinchi buklanuvchi iPhone’ini 2026 yilda chiqarishni rejalashtirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid