Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoy va ASEAN erkin savdo bo‘yicha kelishuvni kengaytirdi
Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) erkin savdo bo‘yicha kelishuvni kengaytirdi. Endi u raqamli va «yashil» iqtisodiyot hamda boshqa tarmoqlarni qamrab oladi va qisman Trampning bojlariga javob sifatida qabul qilindi.
Foto: Hasnoor Hussain/Pool/REUTERS
Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) o‘zining erkin savdo bo‘yicha kelishuvini kengaytirdi. Hujjatga davlat va hukumat rahbarlari Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda imzo chekdi, deb xabar beradi Reuters agentligi 28 oktyabr kuni. Kelishuvning yangi versiyasi raqamli va «yashil» iqtisodiyotni, shuningdek, boshqa yangi tarmoqlarni qamrab oladi.
Reuters yozishicha, Pekin shu tariqa mintaqadagi mavqeini mustahkamlashni istaydi, shartnomani kengaytirish haqidagi qaror esa AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan import bojlariga javob ham bo‘ldi. Shu bilan birga, XXR va ASEAN mamlakatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 2024 yilda 771 milliard dollarga baholandi. «Biz savdo va investitsiyalarni liberallashtirishni tezlashtirishimiz, shuningdek, sanoat integratsiyasi va o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirishimiz kerak», — deya agentlik Xitoy davlat kengashi bosh vaziri Li Tsyanning so‘zlarini keltiradi.
1967 yilda tashkil etilgan ASEAN tarkibiga Indoneziya, Malayziya, Singapur, Tailand, Filippin, Bruney, Vetnam, Laos, Myanma va Kamboja kiradi. 2025 yil 26 oktyabrda assotsiatsiyaga Sharqiy Timor ham qo‘shildi.
«3.0-versiya» deb nomlangan kelishuv Xitoy va ASEAN o‘rtasida savdo to‘siqlarini kamaytirish va ta’minot zanjirlarini mustahkamlashga qaratilgan. Reuters eslatishicha, bu masala bo‘yicha muzokaralar 2022 yil oxirida boshlangan edi.
Shunga qaramay, tomonlar hamkorligi Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy nizolar tufayli Pekinning assotsiatsiyaga a’zo ayrim davlatlar bilan munosabatlaridagi qiyinchiliklar sabab murakkablashmoqda. Nizolar Haagadagi arbitraj sudi 2016 yilda XXRning bahsli hududlarga nisbatan hech qanday huquqqa ega emasligi haqida qaror chiqarganiga qaramay davom etmoqda. Xususan, 2025 yil 27 oktyabr kuni Filippin prezidenti Ferdinand Markos — kichik mamlakatlar o‘rtasidagi qator to‘qnashuvlardan so‘ng mintaqada Xitoyning harakatlarini tanqid qildi.
Mavzuga oid
18:54 / 04.12.2025
Sirdaryo viloyatida Xitoy bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqariladi
17:37 / 04.12.2025
Sirdaryodagi 9 ta tuman-shahar hokimlari Xitoyga yo‘l oladi
11:22 / 04.12.2025
Makron Pekinga keldi: Ukraina urushi va savdo mojarolari muhokama qilinadi
19:03 / 02.12.2025