Jamiyat | 19:10 / 29.10.2025
25659
9 daqiqa o‘qiladi

Yopig‘liq qozon: Qizlariga ko‘z olaytirgan o‘gay otalar haqida ikki hikoya

O‘gay otasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 9 yashar qiz tergov xonasida “ukalaring ko‘chada qoladi” deb qo‘rqitilgan. 68 yoshli "ota" esa keksa odam, deya himoya ostida. Kun.uz suhbatlashgan onalar voyaga yetmagan qizlari boshidan kechirgan dahshatlar va o‘zlarining ilojsizlikdagi iztiroblarini so‘zlashdi. O‘z qizlariga ko‘z olaytirganlarning biri bolalarni himoya qiluvchi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida ishlagan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Chora ko‘rilmagan har bir raqam — tirik bola. Tirik fojia. Va bu fojialar ortida aybdor faqat zo‘ravon emas — uni himoya qilib turgan tizim ham bor. Oxirgi vaqtda yuzaga chiqqan Namangan va Ohangaronda yosh bolalarning pedofil qurboniga aylanishi jamoatchilikni larzaga keltirdi. Ammo oilalarda yuz berayotgan va yashirin qolayotgan voqealar ko‘pligi xavotirli. Bu ko‘rsatuvimiz aynan o‘z uyida o‘z yaqinlari tomonidan xo‘rlanayotgan bolalar va ularni himoya qilolmayotgan tizim haqida.

1-holat: Toshkent viloyati, Nurafshon

Nigora Rossiyada ishlaydigan erining u yerda oilasi borligini bilgach turmushdan ajrashgan va yillar o‘tib bir qizchasi bilan boshqa turmush qurgan. Hozir u to‘rt farzandning onasi va 2-guruh nogironi. Hali 9 ga to‘lmagan katta qizi bir necha yildan beri o‘gay ota tomonidan jinsiy tegajog‘likka uchrab kelgan.

“Ichki ishlarga murojaat qilganimizda ham Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova shaxsan qizim bilan gaplashdi. Men buni ko‘tara olmasdim (nogironlik sababli), chiqarib yuborib gaplashishdi. Va ma’lum bo‘ldiki, bola haqiqatan ham zo‘ravonlikka uchragan. Chunki u 9 yosh edi, bola ko‘rmagan narsasini bunday tasvirlay olmaydi, jinsiy hayotni boshdan o‘tkazmagan deyildi. Lekin bola 9 marta tergov qilinganda ham biror marta psixolog chaqirilmadi. Qizim gapira olmaydi, erkakdan qo‘rqadi. Shunda mening xatoyim ayol tergovchi so‘radim. Shunda ular ayol tergovchi jalb qilishdi, ammo keyinchalik bilsam u tergovchi emas, xatlar bo‘limida ishlaydigan ayol ekan. Shundan keyin erimning advokati “tergovga aloqasi yo‘q odam tergov qildi” deb butun boshli qilingan ishlarni yo‘qqa chiqardi”.

1-murojaatda erkak qamoqqa olinadi. Ammo tergov jarayonida bola bilan ishlash uchun psixolog jalb qilish talabi inobatga olinmaydi va bu erkak foydasiga ishlaydi. Qamoqdan ozod qilingan va bundan xulosa chiqarmagan erkak bu jinoyatini yana davom ettiradi. Endi qurbonlar 2 ta bo‘layotgan edi. U o‘zining qiziga nisbatan ham shunday harakatlar qilayotgan edi. Singlisining ham o‘zi kabi qurbon bo‘lishini istamagan qizcha onasiga buni aytadi.

“Men sudlarning ishidan juda noroziman. Bolani tergov qilyapti, yana psixologsiz qilinyapti. Aslida voyaga yetmagan bola bir marta tergov qilinadi va tergov mustahkamlanadi. Bola qaytib bezovta qilinmasligi kerak.

Psixolog bola bilan xoli gaplashganda bola haqiqatan zo‘ravonlikka uchraganini ma’lum qildi. Hayron qolayotganim, tergov xonasida bizga tergovchi “yopig‘liq qozonni yopig‘liq qoldirish” kerakligini aytyapti. Qizimga esa 3 ukasi yetim qolishini aytib qo‘rqityapti. Tergovchi xulosani shunday berganki, 119-modda bo‘yicha ekspertizada bolaning tanasi toza ekanligi aytildi. Oradan 1,5 yil o‘tgandan keyin tanada qanday holat bo‘lishi mumkin? Lekin men SamPIga olib borganimda shifokor ko‘rganida qizimning jinsiy organida qizarishlar borligini aytgan. Men uni audio tarzda yozib olganman, ammo xulosa olmaganman”.

Erkak “Inson” himoya markazi xodimi bo‘lgan va ayni paytda ishdan bo‘shatilgan. Ya’ni bola huquqini himoya qilish maqsadida ishlamog‘i kerak bo‘lgan tizimdagi shaxs bolaning huquqini poymol qilib kelgan. Ayolning murojaatlari va tergov natijalari esa hamon so‘roq ostida.

2-holat Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani

2-holatda ham shunga o‘xshash voqea. Anora ham bir qizchasi bilan yolg‘iz qolib 2 marta o‘zidan yoshi katta inson bilan turmush qurgan. Bu jinoyat ham Toshkent viloyatida yuz bergan va zo‘ravon 68 yoshli o‘gay ota. Ayol keta olmaydi — chunki er uning nomiga katta miqdorda kredit chiqargan, moliyaviy va huquqiy qullikning klassik sxemasi. 7 marta himoya orderini buzgan zo‘ravon — hali ham ozod. Va eng qizig‘i huquq idorasi vakillari uning yoshi kattaligini inobatga olish lozimligini uqtirishmoqda.

“U doimiy ravishda bu ishni qilib kelgan, qizim menga aytolmaganining sababi – menga pichoq ko‘tarib tahdid qilardi, ko‘p zo‘ravonliklar qilardi. Shundan qo‘rqib buni aytmagan. Erim esa oldindan uni tayyorlab borgan, qarasa onasiga aytmayapti, janjal chiqmayapti, demak qizga ochiqchasiga qilaman degan.

Bolalar ombudsmaniga, Ijtimoiy himoya agentligiga murojaat qildim. Oxirgi janjalda boshimni yordi “ikkalangniyam o‘liging chiqadi bu uydan” deb. 102 ga telefon qildik. Shunda bizga himoya orderi berishdi. Shunda qizimdan ham ko‘rsatmalar olishdi, ekspertiza tayinlandi. Lekin boshim yorilgani va tan jarohatlar bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llandi. Unda 1 mln 400 ming, menga 500 ming jarima qo‘yildi – uyda janjal ko‘targanim, yoshi katta insonga hurmatsizlik qilganim uchun. Lekin qizimga qilingan zo‘ravonliklar dalillarini hammasini IIB xodimiga berganman. Bularni sudga taqdim qilmagan. O‘sha ma’muriy jazodan keyin erim 2-3 oy ichida himoya orderi talablarini 7 marta buzdi.

Qizimga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha 129-modda bilan jinoiy ish ochildi. Men bolamning sha’ni uchun kurashyapman. 13 yashar qizim stressda, qo‘rqoq bo‘lib, birovga biror ma’lumotni to‘liq gapira olmaydigan bo‘lib qolgan, duduqlanib qolgan”.

2 holatda ham voqealarni bog‘lovchi nuqta — huquqni himoya qiluvchi tizimning o‘zida zo‘ravonlikning qo‘llab-quvvatlanayotgani. Tergovning sust va qonun doirasida olib borilmasligi zo‘ravonlar foydasiga ishlamoqda. Ular esa bundan yanada ruhlanib go‘daklarga vahshiylikda davom etishyapti.

Ikkala holatda ham qonun himoyachilari zo‘ravonlarni himoyasiga olgan kabi go‘yo. Birida ukalari ko‘chada qolishi uqtirilib arizadan voz kechishni to‘g‘ridan to‘g‘ri tergov xonasida aytishayotgan bo‘lishsa, 2-sida yoshi katta insonligini inobatga olib yopig‘liq qozonni yopig‘liq qoldirishni istashmoqda. Ular kimni himoya qilishayotganiga hayratlanmay iloj yo‘q.

Qo‘l uchida qilingan tergov, ovora-yu sarson qilingan onalar, huquqlari va taqdirlari toptalayotgan bolalar – bizning bugungi og‘riqlarimiz.

Tasavvur qiling: bu ikki ona faqat bir odam – mahalla inspektori yoki tergovchi emas, butun tizimning qarshisida yolg‘iz qolishgan. Va bu tizim hanuz “murojaat keldi – qayd etdik – tergov ketyapti” degan byurokratik ssenariydan nariga o‘ta olmayapti. Bunga shaxsan o‘zim guvoh bo‘ldim, 2-murojaat yuzasidan ayblov xulosasi tayyorligini aytgan tergovchi ayol bilan gaplashishni ham istamasdan xulosa yo‘qligini aytdi.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: bu holatlarda o‘z vazifasini bajarmaydigan inspektor, tergovchi, sudya ham javobgarlikka tortiladimi? Voqealar yuzasidan tegishli tashkilotlardan munosabatlar kutamiz.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi: Nizomjon Toshpo‘latov

Mavzuga oid