Jahon | 13:23 / 30.10.2025
1320
2 daqiqa o‘qiladi

Dumada «chet el agentlari»ning pensiya olishini cheklash talab qilindi

Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning fikricha, «chet el agenti» deb e’lon qilingan shaxslarning pensiya to‘lovlari maxsus hisoblarga o‘tkazilishi, bunday hisoblarga kirish esa faqat Rossiyaga qaytganidan so‘ng berilishi kerak.

Foto: Andrey Lyubimov / RBK

Volodin 29 oktyabr kuni, «chet el agenti» deb tan olingan rossiyaliklarni ularga to‘lanadigan pensiyalarni erkin olish huquqidan mahrum etishni taklif etdi. Uning ta’kidlashicha, to‘lovlar maxsus hisoblarga yo‘naltirilishi, mablag‘ni olish uchun esa «chet el agentlari» Rossiyaga qaytib, javobgarlikka tortilgan bo‘lishi lozim. Chunki ular, uning ta’biri bilan aytganda, «o‘z mamlakatiga xiyonat qilgan» va «davlatga zarar yetkazmoqda».

«Bizda nima bo‘lyapti: mamlakatni vayron qilayotgan, unga xiyonat qilgan odam Parij bo‘ylab, boshqa Yevropa shaharlari bo‘ylab yuradi-yu, pensiyani Rossiyadan oladi», — dedi u Duma majlisida.

Uning fikricha, Rossiya davlatiga qarshi faoliyat «vayronkor» bo‘lgani uchun hokimiyat «davlatchilik ichidan yemirilishi»ning oldini olish uchun «qo‘ldan kelgan hamma ishni» qilishi kerak.

2024 yil dekabrida Duma «chet el agentlari» daromadlarini maxsus rubl hisoblariga kiritish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgan edi. Bu mablag‘lardan faqat «chet el agenti» maqomi bekor qilinganidan keyin foydalanish mumkin. Qonun 2025 yil mart oyida kuchga kirdi. Shundan so‘ng Boosty donat xizmati «chet el agent»lari akkauntlarini bloklagani ma’lum bo‘ldi.

2025 yil sentabr oyida Davlat dumasi «chet el agentlari»ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish tartibini soddalashtirdi: tegishli reyestrga kiritilgan shaxsga faoliyat tartibini buzgani uchun berilgan ilk jarimadan keyinoq jinoyat ishi ochishga ruxsat berildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid