Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Paxtakor» va «Buxoro» o‘yinidagi bahsli vaziyatlar yuzasidan izoh berildi
O‘zbekiston futbol hakamlari markazi ekspertlari o‘yinni boshqargan hakam 75-daqiqada «Paxtakor» futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatmay, xato qilganini qayd etdi, o‘yin oxirida buxoroliklar urgan gol ofsayd tufayli bekor qilinganini to‘g‘ri qaror deb topdi.
29 oktyabr kuni O‘zbekiston kubogi uchun «Paxtakor» va «Buxoro» jamoalari o‘rtasida kechgan bahs mojaro bilan tugadi. O‘yinda toshkentliklar klubi futbolchisi Hojimat Erkinov 63-daqiqada urgan gol yagonaligini saqlab qoldi va «Paxtakor» o‘z tarixida 14-marta O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik hakamlar o‘yinni Toshkent klubi foydasiga noxolis boshqargani haqida yozishdi, «Buxoro» klubi hujumchisi Toma Tabatadze esa finaldan so‘ng hakamlarga «pul» ishorasini qilib, ularni o‘yinni sotganlikda aybladi.
O‘yindagi ikki epizod bahslarga sabab bo‘ldi.
O‘yinning 75-daqiqasida, hisob Toshkent jamoasi foydasiga 1:0 bo‘lib turganida ushbu jamoa futbolchisi Bashar Resan raqibining oyog‘iga butsasining ostki qismi bilan zarba berdi, o‘yinni boshqargan hakam Naim Qosimov esa bu holat uchun sariq kartochka ko‘rsatish bilan kifoyalandi.

VAR’dagi hakamlar uni vaziyatni qaytadan ko‘rib chiqish uchun monitor qarshisiga chaqirishgan, u esa videotakrordan keyin ham qarorini o‘zgartirmagan.
O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa buxoroliklar hisobni tenglashtirishdi, bosh hakam avvaliga golni inobatga olib, maydon markazini ko‘rsatdi. Ammo VAR xonasidagilar uni yana bir bor monitor qarshisiga chaqirishdi, u esa bu safar dastlabki qarorini o‘zgartirib, ofsayd holatini qayd etdi va gol bekor qilindi.
Natijada «Paxtakor» g‘alabali hisobni saqlab qoldi.
O‘zbekiston futbol hakamlari markazi (O‘zFHM) uchrashuv yakunlangach, bahsli epizodlar bo‘yicha xulosa berdi.
Unga ko‘ra, Naim Qosimov birinchi epizod bo‘yicha xatoga yo‘l qo‘ygan, referi 75-daqiqada «Paxtakor» futbolchisi Bashar Resanni jiddiy qo‘pollik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatgan holda maydondan chetlatishi kerak edi.
O‘z navbatida, VAR aralashuvidan keyin «Buxoro»ning 90+3-daqiqada urgan goli inobatga olinmagani to‘g‘ri qaror deb topilgan. Qayd etilishicha, ushbu holatda «Buxoro»ning birato‘la ikki futbolchisi o‘yindan tashqari holatda bo‘lgan.
«VAR tekshiruvi natijasiga ko‘ra, birinchi holatda „Buxoro“ning 93-raqamli futbolchisi (Marko Kolakovich) ofsayd holatida bo‘lgan, ikkinchi vaziyatda esa 22-raqamli futbolchi (Toma Tabatadze) ham o‘yindan tashqari holatda bo‘lgan. Shu sababli ushbu futbolchilar hujum epizodida faol ishtirok etgani sababli golni inobatga olmadi.
Quyidagi suratda vaziyatning ofsayd chizig‘i aniq ko‘rinmoqda – „Buxoro“ futbolchisi himoyachidan oldinda joylashgan», – deyiladi xabarda.


Mavzuga oid
23:18 / 02.12.2025
«Paxtakor» hujumchisi Igor Sergeyev Superligada yil futbolchisi bo‘ldi
10:25 / 24.11.2025
Buxoroda bir oilaning 4 a’zosi is gazidan vafot etdi
08:31 / 20.11.2025
Buxoroda 35 ming dollarga simob sotgan shaxslar ushlandi
13:00 / 01.11.2025