Jahon | 07:24 / 31.10.2025
2766
2 daqiqa o‘qiladi

NASA 2025 US6 asteroidi haqidagi ma’lumotlarga kirishni chekladi. Sabab nima?

Moskva ustida sirli bolid namoyon bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, NASA ochiq bazalaridan 2025 US6 asteroidiga oid ma’lumotlarni olib tashladi. Bu haqda xabar bergan IKI RAN Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi ikki hodisa o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi.

Foto: NASA

Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, aynan shu diametri ikki metrcha bo‘lgan asteroid Yerga juda yaqin — 150 ming kilometr masofadan (Oygacha bo‘lgan masofaning yarmidan kam) o‘tishi kerak edi.

Hozirda ushbu jism haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish maqsadida NASA’ning Laboratoriya reaktiv harakati (JPL) bazaviy katalogiga ham, Yevropa kosmik agentligi (ESA)ning nusxalariga ham kirish imkonsiz. Katalogdagi ma’lumotlarni yopish sabablari, shuningdek bunday amaliyot qay darajada keng tarqalgani hozircha noma’lum, deb ta’kidladi IKI RAN Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi mutaxassislari.

Shuningdek, NASA katalogiga 2025 US6 indeksi ostida asteroid emas, balki Xitoyning DRO-B kosmik apparati kiritilgan bo‘lishi ham mumkin. Uni 2024 yili Oy atrofidagi orbitaga chiqarish urinishi muvaffaqiyatsiz tugagan, shundan so‘ng yo‘ldosh noaniq trayektoriyaga tushib qolgan edi. Joriy yil mart oyida ushbu apparat Yer atrofidagi retrograd orbitaga — ya’ni sharqdan g‘arbga yo‘nalgan harakatga — o‘tkazilgan, bu esa Moskva viloyati osmonida kuzatilgan bolid harakati yo‘nalishiga mos keladi.

Agar jismning sun’iy tabiati tasdiqlansa, ma’lum ehtimol bilan gap aynan shu apparat haqida borayotgan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda yo‘ldoshning orbitadan sun’iy tarzda tushirilgan bo‘lishi ehtimoli ham katta.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid