Jahon | 08:34 / 31.10.2025
2262
3 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya Slovakiyani YeIda ovoz berish huquqidan mahrum etmoqchi

Niderlandiya Yevropa Ittifoqi to‘g‘risidagi shartnomaning 7-moddasiga muvofiq Slovakiyani ovoz berish huquqidan mahrum etishni taklif qilmoqda, deb yozadi VSquare nashri. Deputatlar fikricha, mamlakatda qabul qilingan konstitutsiyaviy o‘zgartishlar Yevropa huquqiga zid.

Foto: AP

Niderlandiya hukumati Slovakiyaga nisbatan Yevropa Ittifoqi to‘g‘risidagi shartnomaning 7-moddasi bo‘yicha intizomiy tartib-taomilni qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida diplomatika manbalariga tayanadigan VSquare nashri 30 oktyabr kuni xabar berdi. Ushbu moddaga ko‘ra, agar a’zo davlat tomonidan YeIning asosiy tamoyillarini jiddiy buzish xavfi qayd etilsa, Yevropa Kengashi ko‘pchilik ovoz bilan ushbu davlatning ayrim huquqlarini, jumladan uning vakili ovoz berish huquqini Yevropa institutlarida (YeI kengashi va Yevropa kengashida) to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Bunday jarayonni boshlash ehtimoli haqidagi qaror 16 oktyabr kuni qabul qilingan Niderlandiya parlamenti rezolyutsiyasining natijasi bo‘ldi. Unda deputatlar qirollik hukumatini, ularning fikricha, Yevropa qonunchiligiga zid bo‘lgan Slovakiya tadbirlariga javob qaytarishga chaqirgan. VSquare yozishicha, Niderlandiya hukumati hozircha norasmiy tarzda boshqa YeI mamlakatlari bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyormi-yo‘qmi, shuni aniqlamoqda. Shu bilan birga, Niderlandiya birinchi qadamni Yevropa komissiyasi qo‘yib, YeI sudida huquqbuzarlik ishini qo‘zg‘atishini xohlamoqda.

Sentyabr oyi oxirida Slovakiya parlamenti konstitutsiyaga tuzatishlarni ma’qulladi. Ular nikohda bo‘lmagan juftliklar tomonidan bola asrab olishni taqiqlashni va surrogat onalikni to‘liq man etishni nazarda tutadi. Bosh vazir Robert Fitso hukumati kiritgan bu tuzatishlarning maqsadi — “an’anaviy qadriyatlarni mustahkamlash va Slovakiyaning madaniy merosini saqlash”.

Tuzatishlar Yevropa kengashi huzuridagi Venetsiya komissiyasi tomonidan tanqid qilindi. Jumladan, Yevropa sudi va Slovakiya Konstitutsiyaviy sudining sobiq a’zosi Daniel Shvabi ham kiritilgan slovakiyalik huquqshunoslar guruhi ta’kidlashicha, o‘zgartishlar huquqiy noaniqlik yaratadi va mamlakatning xalqaro majburiyatlariga zid keladi. Slovakiya advokatlar kollegiyasi esa davlat YeIning huquqiy me’yorlariga sodiq qolishi va xalqaro shartnomalarga, ayniqsa inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish sohasidagi bitimlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi kerakligini urg‘uladi.

Mavzuga oid