O‘zbekiston | 09:55 / 31.10.2025
4054
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 42 ta maishiy chiqindi poligoni yopildi

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot agentligi huzuridagi direksiya respublika bo‘ylab poligonlarni qisqartirish bo‘yicha ishlar olib bordi. 2024–2025 yillarda jami 47 ta poligonda rekultivatsiya va tuproq qatlami bilan yopish ishlari bajarildi, 42 tasining faoliyati butunlay to‘xtatildi.

Foto: Kun.uz

Agentlik huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan turli hududlarda maishiy chiqindi poligonlarini qisqartirish, rekultivatsiya qilish va yerlarni tabiiy holatiga qaytarish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil hamda 2025 yilning o‘tgan davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida jami 47 ta poligonda rekultivatsiya va tuproq qatlami bilan yopish ishlari bajarilgan. 2025 yil uchun respublika miqyosida rejalashtirilgan 18 ta (81,68 ga) poligondagi ishlar ham yakunlangan.

2024 yil kesimida: Qoraqalpog‘istonda — 1 ta (11 ga), Andijonda — 6 ta (14,90 ga), Buxoroda — 1 ta (0,50 ga), Qashqadaryoda — 5 ta (19,15 ga), Namanganda — 3 ta (5,38 ga), Samarqandda — 1 ta (2,40 ga), Toshkent viloyatida — 3 ta (9,58 ga), Farg‘onada — 6 ta (17,11 ga), Xorazmda — 1 ta (1 ga).

Shu bilan birga, respublika bo‘ylab jami 42 ta chiqindi to‘plash poligonining faoliyati tugatilib, 90 gektarga yaqin yer maydoni tabiatga qaytarildi. Hozirda direksiya balansiga 185 ta maishiy chiqindi poligoni o‘tkazilgan bo‘lib, ularda bosqichma-bosqich optimallashtirish ishlari davom etmoqda.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 4 yanvardagi 5-son farmoni, shuningdek «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining 72-bandi va 2025 yil 30 yanvardagi farmon (9-ilova, 29-band)da belgilangan maqsadlarga muvofiq amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, maishiy chiqindi poligonlarini 2030 yilga qadar kamida 50 foizga, 2025 yil davomida esa 20 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid