Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Seym Latviyaning Istanbul konvensiyasidan chiqishini ma’qulladi
Ko‘p soatlik munozaralardan so‘ng Seym deputatlarining ko‘pchiligi Yevropa kengashining ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyasidan chiqishni yakuniy o‘qishda qo‘llab-quvvatladi. Qonun loyihasini endi Latviya prezidenti imzolashi kerak.
Bir palatali Latviya parlamenti — Seym — 30 oktyabr kuni Yevropa kengashining ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish hamda ularga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasini (“Istanbul konvensiyasi”) denonsatsiya qilish haqidagi qonun loyihasini ikkinchi, yakuniy o‘qishda ma’qulladi. Delfi portali xabaricha, parlamentdagi qizg‘in bahslar 12 soat davom etdi. Loyiha uchun 56 deputat ovoz berdi, 32 nafari qarshi chiqdi, yana ikki deputat betaraf qoldi.
O‘n kun ichida prezident Edgars Rinkevichs qonun loyihasini imzolashi yoki uni qayta ko‘rib chiqish uchun Seymga qaytarishi kerak.
Avvalroq Rigadagi parlament binosi oldiga minglab odamlar Istanbul konvensiyasidan chiqishga qarshi norozilik bildirish uchun to‘plandi. Plakatlarda oilaviy zo‘ravonlikka qarshi chaqiriqlar, shuningdek deputatlarni populizmda va “zo‘ravonlarni himoya qilish” bo‘yicha ayblovlar yozilgan edi. Qator namoyishchilar Latviya hokimiyatini “Rossiyaga taqlid qilish”da aybladi, chunki Yevropa kengashi tomonidan 2011 yilda ishlab chiqilgan ushbu konvensiyani Moskva imzolamagan. Politsiya ma’lumoticha, aksiyada taxminan 5000 kishi qatnashdi. Miting hodisalarsiz o‘tdi.
Istanbul konvensiyasi ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni inson huquqlari buzilishi sifatida tasniflaydi. Hujjatni Yevropaning 38 davlati, shu jumladan Gurjiston ratifikatsiya qilgan. Latviyadagi tanqidchilar konvensiyani an’anaviy oilaviy qadriyatlarga zid, deb hisoblaydi, ayrimlar hujjatdagi “jins” (gender) tushunchasi ta’rifini tanqid qiladi.
Agar prezident qonun loyihasini imzolasa, Latviya Istanbul konvensiyasidan chiqadigan ilk YeI davlatiga aylanadi. Bundan avval Turkiya konvensiyadan chiqqan. Shu bilan birga, Bolgariya, Vengriya, Chexiya, Litva, Slovakiya va Armaniston hujjatni imzolagani bilan haligacha ratifikatsiya qilmagan.
Mavzuga oid
18:08 / 09.06.2026
Istanbulda o‘zbekistonlik 6 yoshli bola tramvay ostida qolib, vafot etdi
13:14 / 07.06.2026
Olti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
08:58 / 29.05.2026
Latviyada yangi hukumat ish boshladi
10:56 / 27.05.2026