Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Berlin aeroporti dron sabab ishini to‘xtatdi
Berlin-Brandenburg aeroporti yaqinida uchuvchisiz apparat (dron) paydo bo‘lgani uchun parvozlar taxminan ikki soatga to‘xtatildi. Ko‘plab reyslar boshqa aeroportlarga yo‘naltirildi, uchish va qo‘nishda kechikishlar yuz berdi.
Foto: REUTERS
Xalqaro Berlin-Brandenburg aeroportida 31 oktyabr kuni kechqurun noma’lum dron aniqlangani sabab vaqtincha ish faoliyati izdan chiqdi. Bu haqda 1 noyabrga o‘tar kechasi dpa va AFP agentliklari aeroport vakilining so‘zlariga tayanib xabar berdi. Unga ko‘ra, parvozlar mahalliy vaqt bilan 20:08 dan 21:58 gacha (Toshkent vaqti bilan 00:08 dan 02:58 gacha) to‘xtatib turildi.
Ko‘plab reyslar Drezden, Leypsig, Hamburg va Hannover aeroportlariga yo‘naltirildi. Shuningdek, uchish va qo‘nishda kechikishlar kuzatildi: xususan, Bazel, Oslo va Barselonaga reyslar kechikdi. London, Stokholm, Antaliya va Helsinkidan kelayotgan samolyotlar boshqa aeroportlarga qo‘ndirildi.
Brandenburg politsiyasi vakili jurnalistlarga guvoh aeroport yaqinida taxminan 20:00 atrofida dronni ko‘rganini ma’lum qilganini aytdi. Patrul ekipaji ham dronni payqagan, ammo uni boshqarayotgan shaxs topilmagan.
So‘nggi haftalarda Yevropaning bir qator mamlakatlarida, jumladan Germaniyada, aeroportlar yaqinida noma’lum dronlar bir necha bor qayd etildi. Bunga bog‘liq ravishda ayrim aeroportlar vaqtincha reyslarni qabul qilish va jo‘natishni to‘xtatgan. Xususan, 2 va 3 oktyabr kuni kechqurun Germaniyadagi ikkinchi yirik aeroport — Myunxen aeroporti noma’lum dronlar tufayli ishini to‘xtatdi. Bild tabloidi politsiyaning maxfiy hisobotiga ishora qilib, ular harbiy razvedka dronlari bo‘lganini yozdi.
Shuningdek, Daniya va Norvegiya hududidagi aeroportlar va muhim obektlar ustida dronlar bir necha bor kuzatilgan. Shu sababdan fuqarolik dronlari uchun havo hududi vaqtincha yopilgan, Oslo, Kopenhagen va Olborg aeroportlarida avia-aloqa to‘xtatilgan. dronlar ortida kim turgani hanuz aniqlanmagan, ammo rasmiylar Rossiyadan shubhalanmoqda.
Mavzuga oid
13:48
Gomeldagi idish-tovoq zavodi RF uchun harbiy dronlar yetkazib beryapti
14:48 / 29.11.2025
Oktyabrda Germaniya harbiy bazalari uzra rekord darajada dronlar qayd etildi
11:55 / 29.11.2025
Rossiya janubidagi yirik NQZda dron zarbasidan keyin yong‘in boshlandi
10:10 / 24.11.2025