Jahon | 15:14 / 01.11.2025
6648
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina rossiyalik harbiy asirni Litvaga topshirdi

Ukraina rossiyalik harbiy asirni Litvaga ekstraditsiya qildi, u yerda u harbiy jinoyatlarda ayblanib sud oldida javob beradi. Ukraina bosh prokurori Ruslan Kravchenko 31 oktyabr kuni Telegram’da ma’lum qilganidek, bu - Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘laqonli agressiyasi boshlanganidan beri Kiyevning RF harbiy xizmatchisini uchinchi mamlakatga topshirishi bo‘yicha ilk holat.

Foto: Alexei Alexandrov/AP/dpa/picture alliance

Kravchenkoning aytishicha, Ukrainada qo‘lga olingan, Rossiya harbiy politsiyasi safida xizmat qilgan dengiz piyoda askari fuqarolar va harbiy asirlarga nisbatan qonuniy asossiz ushlash, qiynoqlar va g‘ayriinsoniy munosabatda ishtirok etgan. Jabrlanuvchilardan biri — RF qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol etilgan Mariupolda xususiy sayohatda bo‘lgan Litva fuqarosi.

Vilnyus ushbu gumonlanuvchiga nisbatan harbiy jinoyatlar bo‘yicha ayblov qo‘ymoqda. Agar ayb isbotlansa, unga umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishi mumkin.

Ukraina bosh prokurori bu ekstraditsiyani «butun xalqaro adliya tizimi uchun tarixiy va muhim pretsedent» deb atadi. Kiyev 2022 yilgi bosqin uchun Rossiya harbiylarini shaxsan javobgarlikka tortish, ularning ehtimoliy jinoyatlarini xalqaro miqyosda ta’qib qilishga intilayotganini qayd etdi.

Litva Bosh prokuraturasi mamlakat sud organlari bu ish bo‘yicha Kiyev bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi. Tergov versiyasiga ko‘ra, «gumonlanuvchi boshqa rossiyalik harbiylar bilan birga qonuniy asossiz ushlangan fuqarolar va harbiy asirlarni nafaqat qo‘riqlagan, balki ularni kaltaklash va qiynoqlarda ham ishtirok etgan», deyiladi bayonotda.

Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, jabrlanuvchilar «metall shkafda qamab qo‘yilgan, hushidan ketguncha bo‘g‘ilgan, qo‘llari bog‘langan holda osib qo‘yilgan, sovuq havoda muzdek suvda cho‘miltirilgan va elektroshok bilan qiynoqqa solingan». Vilnyus sudi gumonlanuvchini sud jarayoni boshlanguncha uch oyga qamoqda saqlashga hukm chiqardi.

Mavzuga oid