Jahon | 14:34 / 02.11.2025
23131
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina razvedkasi Pokrovskka desant tushirdi

OAVga ko‘ra, operatsiyaga Bosh razvedka xizmati boshlig‘i Kirill Budanov shaxsan rahbarlik qilmoqda. RF mudofaa vazirligi desantchilar yakson etilganini xabar qilgan.

Foto: Ukrainian Military source/Handout via REUTERS

Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) Donetsk oblastining Rossiya qo‘shinlari tomonidan qamal qilingan Pokrovsk shahrida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda, deb yozadi Reuters.

Agentlikning Ukraina qurolli kuchlarining 7-desant-shturm qo‘shinlari operativ korpusidagi manbasiga tayanib yozishicha, Ukraina maxsus kuchlari bir necha kun oldin Black Hawk vertolyotida Rossiya dronlari faoliyati tufayli murakkablashgan operatsiya doirasida Pokrovskka qo‘ngan.

«Operatsiya Ukraina shu oyda ko‘p sonli rus harbiylari mudofaani yorib o‘tganidan keyin strategik ahamiyatga ega shahardagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun qanday kurashayotganini ko‘rsatadi», – deya ta’kidlaydi agentlik.

The Economist muxbiri Oliver Kerroll X ijtimoiy tarmog‘ida Bosh razvedka boshqarmasi desantchilari vertolyot orqali Pokrovskka yaqiniga qo‘ngani aks etgan videoni tarqatdi. «Ukraina harbiy razvedkasi muhim logistika liniyalarini ochish uchun Pokrovsk chekkasida dadil qarshi hujum uyushtirmoqda», – deya yozgan jurnalist. U video haqiqiyligini mustaqil tarzda tasdiqlay olmaganini qo‘shimcha qilgan. Mustaqil OSINT-tadqiqotchilar ushbu tasvirlar (1,2) Pokrovskning shimoli-g‘arbiy chekkasida, so‘nggi haftalarda rossiyalik shturmchilar ilgarilashi qayd etilgan hududda olinganini aniqlashgan.

«Suspilne» va «RBK-Ukraina» nashrlari Ukraina qurolli kuchlaridagi manbaga tayanib, qarshi hujum o‘tkazilayotgani haqidagi ma’lumotni hamda e’lon qilingan video haqiqiyligini tasdiqlagan. Jurnalistlarning suhbatdoshlariga ko‘ra, Bosh razvedka boshqarmasi shturmchilari Pokrovskning Ukraina logistikasi uchun strategik ahamiyatga ega deb hisoblanadigan va RF mudofaa vazirligi allaqachon o‘z nazoratiga olganini e’lon qilgan hududlarga kirgan.

Ukrainadagi va g‘arb nashrlari manbalariga ko‘ra, operatsiyaga Bosh razvedka xizmati boshlig‘i Kirill Budanov shaxsan rahbarlik qilmoqda. Shu kunlarda jurnalistlar u Ukraina prezidenti ofisida kuchishlatar tuzilmalar va harbiylar ishtirokidagi yig‘ilishlarda ko‘rinish bermayotganiga e’tibor qaratishgandi.

Ukraina hukumati Pokrovskdagi operatsiyaga rasman izoh bermayapti. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabiga yaqinligi aytiladigan Deep State OSINT-loyihasi ma’lumotlari esa Pokrovskdagi vaziyat bo‘yicha jiddiy o‘zgarish yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

«GUR maxsus bo‘linmalarining taktik harakatlarini operativ xarakterdagi bo‘linma va qo‘shilmalarning qarshi hujum harakatlari bilan adashtirmaslik kerak; OAV allaqachon Ukraina qurolli kuchlari Pokrovskda hujum qilayotgani haqidagi xabarlarga to‘lib ketdi. Shubhasiz, GUR jangchilari chiroyli, qo‘qqisdan va ancha muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirishdi, ammo bu aynan shu bo‘linmalarning harakatlari kontekstida gapiradigan bo‘lsak. Shu bilan birga, ushbu operatsiya o‘tkazilgandan beri yo‘nalishdagi global vaziyat o‘zgardi, deb ayta olmayman. Operativ miqyosda umumiy konturlar oldingi holatida qoldi», – deb yozdi «Aleks» chaqiruv belgisiga ega ukrainalik harbiy «Ofitser» telegram-kanalida.

RF mudofaa vazirligi 1 noyabr kuni kunduzi Bosh razvedka boshqarmasi maxsus kuchlari guruhi vertolyotining Pokrovskning shimoli-g‘arbiy chekkasiga qo‘nishiga qarshi chora ko‘rilgani haqida xabar berdi. «Vertolyotdan tushgan 11 kishining barchasi yo‘q qilindi», – deyiladi Rossiya harbiy idorasi bayonotida.

Bu bayonot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deya ma’lum qildi ko‘p o‘tmay «Ukrainskaya pravda»ning Ukraina harbiy razvedkasidagi manbasi. «Bu ma’lumot Gerasimovning bir necha kun oldin Putinga Pokrovsk qamal qilingani haqidagi hisoboti kabi yolg‘on», – dedi jurnalistlar bilan suhbatda bo‘lgan mulozim. U Pokrovskning ma’lum bir hududida GUR rahbari Kirill Budanov boshchiligidagi barqarorlashtirish harakatlari davom etayotganini ta’kidlagan.

Mavzuga oid