Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Berlin: Terakt tayyorlaganlikda gumon qilingan suriyalik qo‘lga olindi
Berlin politsiyasi 22 yoshli suriyalikni terrorchilik hujumiga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumonlab hibsga oldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2023 yildan beri Germaniyada qonuniy ravishda yashab keladi va IShID tarafdori hisoblanadi.
Foto: Olaf Selchow
Berlinda politsiya 22 yoshli Suriya fuqarosini terror aktini rejalashtirganlikda gumonlab qo‘lga oldi. Berlin Bosh prokuraturasi vakilining 2 noyabr kuni ma’lum qilishicha, hibs avvaliga poytaxtning Noykyoln tumanida amalga oshirilgan. Uning aniqlashtirishicha, gumonlanuvchi “terakt” tayyorlaganlikda gumon qilinmoqda, biroq hujum aynan Germaniya poytaxtida rejalashtirilgani yoki rejalashtirilmagani ochiqlanmagan.
Bild gazetasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar manbalariga tayanib xabar berishicha, gumonlanuvchi Abdullo R. uyida tintuv chog‘ida portlovchi qurilmalar tayyorlashga yaroqli materiallar topilgan. Nashrga ko‘ra, u bu jihozlarni internet orqali buyurtma qilgan. Jami uchta kvartira — erkak Berlinda yashab turgan manzillar — tintuv qilingan, reydlarda politsiyaning maxsus bo‘linmasi (SEK) xodimlari ishtirok etgan.
Bild ma’lumoticha, Germaniya maxsus xizmatlari Abdullo R. terakt tayyorlagan bo‘lishi mumkin, degan versiyani ko‘rib chiqmoqda. Ehtimol, u terrorchi tashkilot — IShID tarafdori bo‘lib, ularning targ‘ibotini ijtimoiy tarmoqlarda bir necha bor tarqatgan. Xabarga ko‘ra, 22 yoshli bu shaxs 2023 yildan beri Germaniyada boshpana so‘rovchisi sifatida yashab kelgan, shu sababli mamlakatni tark etish majburiyati bo‘lmagan.
Tergovni Germaniya Bosh prokuraturasi olib bormoqda. Ma’lum qilinishicha, ayblanuvchiga nisbatan Germaniya davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi og‘ir jinoyat tayyorlaganlik gumoni bo‘yicha ish yuritilmoqda. Idora matbuot xizmatiga ko‘ra, 2 noyabr kuni Abdullo R. sudga keltiriladi va uni qamoqqa olish chorasi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Xristian-sotsial ittifoq (XSI) bosh kotibi Martin Xuber 2 noyabr kuni Bild am Sonntag gazetasiga bergan intervyusida shunday dedi: “Suriyadagi fuqarolik urushi nihoyat tugadi va bu ishonch bag‘ishlaydi. Germaniya millionlab suriyaliklarni qabul qildi va himoya qildi. Fuqarolik urushi yakunlanganidan so‘ng boshpana berilishi uchun asosga ega bo‘lmaganlar vatanga qaytishi kerak”.
Bundan ikki kun oldin Damashq yaqinida bo‘lgan safarda Germaniya TIV rahbari Yoxann Vadeful “bunday vayronagarchilikni hech qachon ko‘rmaganman”, dedi. Germaniyadagi suriyalik qochqinlar haqida esa u quyidagini aytdi: “Ular yaqin vaqt ichida qayta olmaydi. U yerda haqiqatan munosib hayot kechirish deyarli imkonsiz”.
Bunga javoban Germaniya IIV rahbari Aleksander Dobrindt Vadefulning bayonotidan so‘ng shunday dedi: GFRdan suriyaliklarni deportatsiya qilish rejalari kuchda qolmoqda. “IIV hozirda Suriya bilan bunday qaytarish jarayoni bo‘yicha kelishuv ustida ishlamoqda”, — deya u Redaktionsnetzwerk Deutschland mediaguruhiga izoh berdi.
Mavzuga oid
11:39 / 01.12.2025
AQSh va Suriya qo‘shma operatsiyasi: IShID qurol omborlariga zarbalar berildi
15:05 / 25.11.2025
NATO aviabazasi yaqinida teraktga urinish: Litvada 18 yoshli ukrain fuqarosi qamaldi
21:02 / 19.11.2025
Erdo‘g‘an Turkiya o‘zga hududlarga «hasad qilmasligini» aytdi
16:24 / 18.11.2025