Jahon | 11:17 / 03.11.2025
1687
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil Livandagi «Hizbulloh»ga zarbalarni kuchaytirish bilan tahdid qilmoqda

Isroilning «Hizbulloh»ga qarshi hujumlarni kuchaytirish tahdidi fonida TSAHAL dron zarbasi bilan guruhning to‘rt nafar jangchisini yo‘q qildi. Isroil mudofaa vaziri ularni butunlay «qurolsizlantirish va quvib chiqarish»ni talab qildi.

Foto: Mahmoud Zayyat/AFP

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Janubiy Livanda Eronga moyil harakat — «Hizbulloh» jangchilariga nisbatan zarbalarni kuchaytirish bilan tahdid qildi. «Livan hukumati Janubiy Livandan “Hizbulloh”ni to‘liq qurolsizlantirish va quvib chiqarish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishi shart», — dedi u 2 noyabr kuni Quddusda. Katsning qo‘shimcha qilishicha, «Hizbulloh» «o‘t bilan o‘ynayapti», Livan prezidenti Jozef Aun esa bu guruhga qarshi chora ko‘rishga jazm etmayapti.

Vazirning fikricha, mazkur guruh Isroil shimoli aholisi uchun bevosita tahdiddir, chunki 2023 yil 7 oktyabr kuni G‘azo sektorida urush boshlanganidan keyin «Hizbulloh» Isroilga qarshi frontning ikkinchi yo‘nalishini ochdi.

Isroil bilan «Hizbulloh» o‘rtasidagi otashkesim 2023 yil noyabr oyida kuchga kirgan, ammo tomonlar muntazam ravishda bir-birini kelishuvni buzishda ayblab keladi. AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bosimi va Isroilning Livanda harbiy amaliyotlarni qayta boshlash ehtimoli sabab, Bayrut hukumati 2025 yil avgust oyida armiyaga Isroil chegarasiga tutash hududlarda «Hizbulloh»ni qurolsizlantirish rejasini tayyorlashni topshirgan. Sentyabr o‘rtalarida mamlakat TIV rahbari Yusuf Raggi armiya guruhni uch oy ichida to‘liq qurolsizlantirishini e’lon qildi.

Isroil Mudofaa armiyasi (TSAHAL) 2 noyabr kuni ma’lum qilishicha, ularning hujumi natijasida Janubiy Livanda «Hizbulloh»ning to‘rt jangchisi o‘ldirilgan. Bayonotga ko‘ra, hujumning asosiy nishonlaridan biri «Radvan» elita bo‘linmasining logistika bo‘yicha ofitseri bo‘lgan: u «Janubiy Livanda “Hizbulloh”ning infratuzilmasini tiklash va qurol sotib olish»ga jalb etilgani aytiladi. Shu bilan birga bo‘linmaning yana uch a’zosi «yo‘q qilingani» bildirildi.

Livan OAV ma’lumotiga ko‘ra, dron zarbasi avtomobilni nishonga olgan: to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi yaralangan.

Dpa agentligi ta’kidlashicha, «Hizbulloh» jangchilarini qurolsizlantirish Livan hukumati uchun «nozik masala», chunki guruh mamlakat ichida, ayniqsa shia aholi orasida hali-hamon qo‘llab-quvvatlovga ega. Germaniya, AQSh, Isroil va qator arab davlatlarida terroristik tashkilot deb tan olingan «Hizbulloh» o‘zini «Isroilga qarshi yagona haqiqiy kuch» deb biladi.

Isroilni yo‘q qilish niyatini e’lon qilgan «Hizbulloh» 2023 yil oktyabrida G‘azoda urusha boshlanishi bilanoq Isroil hududiga raketa hujumlarini kuchaytirgan. Javoban Isroil Livandagi ko‘plab nishonlarga aviahujumlar uyushtirib, so‘ng quruqlik operatsiyasini boshlagan. Mojaro chegaraning har ikki tomonida ham minglab odamlarning majburiy ko‘chishiga olib kelgan.

Bir oydan so‘ng erishilgan otashkesim kelishuvi «Hizbulloh» kuchlarini Litani daryosidan narigi tomonga olib chiqish va chegara oldidagi harbiy obektlarini yo‘q qilishni nazarda tutgan edi. Biroq Isroil guruhni bu hududda harbiy faollikni davom ettirayotganlikda ayblab keladi va shuni «Hizbulloh» pozitsiyalariga doimiy zarbalar uchun asos sifatida ko‘rsatadi.

Isroil Livanga zarbalarni to‘xtatish shartlaridan biri sifatida «Hizbulloh»ni qurolsizlantirishni talab qilmoqda, ammo guruh rahbariyati bu talabni e’tiborsiz qoldirishini bildirgan.

Mavzuga oid