Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent markazida o‘nlab daraxtlar xavf ostida - reportaj
Abdulla Qodiriy ko‘chasi bo‘yidagi daraxtlar ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari qurboni bo‘lishi mumkin. O‘nlab daraxtlarning poyiga yarim metr va undan yuqori balandlikda tuproq tortildi. Dendrolog Atirgul Xolmirzayevaga ko‘ra, bu daraxtlarning sekin-asta qurishiga olib keladi. Toshkent shahar hokimligi esa daraxt atrofidagi tuproq bahorgacha olib tashlanishini ma’lum qildi.
Abdulla Qodiriy ko‘chasining 3 kmlik qismida buta va gullar ekilmoqda. Bu uchun ko‘cha yoqasiga tuproq to‘kilib, yer sathidan 1 metrcha ko‘tarilgan. Mutaxassislar va ekofaollar agar holat aslicha qolsa daraxtlar yetarlicha nafas olmay, nobud bo‘lishini ta’kidlamoqda. Kun.uz muxbiri manzilda bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi. Shayxontohur tumani obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘limi boshlig‘i Nurlan Qulmanovning aytishicha, har kuni bu yerga shahar va tuman ekologiya bo‘limi xodimlari kelib ketadi.
“1-2 kun katta hajmda gul ekish ishlari olib boriladi. O‘sha gul ekib bo‘lib, daraxtlarning tagini ochib chiqamiz. Tuproq ildizning havo olishini qiyinlashtiradi. Uzog‘i 2-3 kunda ochamiz. 15 noyabrda shaharda mehmonlar bor, o‘shanga gul, buta ekish jarayoni bo‘lyapti, 2-3 kun ichida agrotexnik tadbirlar olib boramiz. Daraxt joylashuvi inobatga olingan. Dizaynerlar daraxtning keyingi o‘suvchanligini o‘ylab 3 metr masofa qilib olgan. Butalar hozir daraxtgacha bo‘lgan joyiga ekilyapti”, - deydi u.
Qulmanovning so‘zlariga ko‘ra, qisqa vaqtda katta ish qilingani uchun daraxtlar atrofiga tuproq to‘plangan.
“Bitta daraxt emas bu yerda. Qariyb 3 kilometr joyida bo‘lyapti. Ko‘chaning ikki tomonida. Komanda bo‘lgan bunga. Qor yog‘adimi, tosh yog‘adimi daraxtlarning atrofini ochib chiqishiga majburmiz”, - deydi Qulmanov.
Toshkent shahar botanika bog‘i vakili, dendrolog Atirgul Xolmirzayeva ham hududga kelib, Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi. Uning ma’lum qilishicha, daraxtlar oxir-oqibat chirib ketishi mumkin.
“Bu yerga bitta tuproq bilan qolmaydi, gazon qiladi. Mana, lavanda, gullar ekib qo‘yishibdi. Bularga suv quyiladi. Zaxlaydi.
Gazon sepilsa ham zax ketadi. Tuproq doimiy ho‘l bo‘lgandan keyin tana chirishga o‘tadi. Men hozir quriydi deb aytmayman, sekin-asta qurib boradi. Shu yerni salgina yumshatib, ozuqa berib, haligi lavandalarni eksa, chiroyli bo‘lib turardi. Ko‘rinsin deganmi? Chiroyli qilamiz deb daraxtlarni o‘ldirishga olib kelyapti-da. Buning chiroyli bo‘lgani kerakmi, bizga kislorod kerakmi? Menimcha, bu noto‘g‘ri.
Undan ko‘ra chiroyli qilib, to‘siq qilib pastga ekilsa, ana o‘shanda ko‘p yillik o‘simliklar yildan yilga chiroyli bo‘lib turaverardi”- deydi Xolmirzayeva.
Dendrolog bunday xarajatlarning o‘rniga daraxtlarni oziqlantirish, parvarishlashni ko‘rib chiqish zarurligini aytdi.
“Lavandalar rosa qalin ekilgan. Hozir chiroyli bo‘lib tursin deb qalin ekilyapti-da. Bularga kenglik kerak. Ildiziga ham joy kerak. Maydoni keng bo‘lsa, gurkirab o‘sadi”, - deydi Xolmirzayeva.
Uning qo‘shimcha qilishicha, poytaxt hokimligi daraxt yoki butalar o‘tqazayotganda dendrologlarning tavsiyalarini olmaydi.
“Bizdan umuman maslahat olishmaydi. O‘zlari olib keladi, o‘zlari ekadi. Qurigandan keyin bizni chaqirishadi-da, nima uchun qurib qoldi, opa deydi. Keyin biz O‘zbekiston iqlimiga chidamaydi deymiz. Mana hozir bu yerda rozmarinlar bor, ular bizni sovuqqa chidamaydi, lavandalar issiqsevar hisoblanadi”, - deydi Atirgul Xolmirzayeva.
Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, daraxtlar tanasining pastki qismini yopib turgan ko‘tarma tuproq zichlash jarayoni yakunlangach olib tashlanadi.
“Ushbu jarayon daraxtlar uchun xavf tug‘dirmaydi, chunki havo almashinuvi saqlanib qolgan va vaqt cheklangan”, - deyiladi hokimlik axborotida.
Mavzuga oid
09:00 / 30.11.2025
Ishlab ketgan qonunlar va to‘xtamayotgan daraxtkushlik - hafta dayjesti
20:10 / 27.11.2025
“Zovurni yopmoqchi bo‘lib daraxtlarga qiron keltirishdi” – Buvayda tumanidagi daraxtkushlik tafsiloti
18:09 / 25.11.2025
Ekologiya inspektoriga kuch ishlatgan Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari ishdan olindi
15:25 / 25.11.2025