O‘zbekiston | 18:55 / 04.11.2025
13561
2 daqiqa o‘qiladi

Xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladigan kasalliklar ro‘yxati tuzildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 17 ta kasallik va holat ro‘yxatini e’lon qildi.

Foto: Getty images

Transport vositasini boshqarishda xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladigan kasalliklar va holatlar ro‘yxati haqidagi buyruq loyihasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Ro‘yxatga 17 ta kasallik va holat kiritilgan:

- Umrov va to‘sh suyagi sinishi;

- yelka kamari sinishi;

- qovurg‘alar sinishi;

- umurtqa pog‘onasining kompression sinishi;

- o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (IV bosqich);

- bronxial astma (IV bosqich);

- o‘pkaning interstitsial zararlanishi;

- o‘pkaning bir qismi yoki butun qismini (chap yoki o‘ng) olib tashlanishi;

- surunkali yurak yetishmovchiligining III bosqichi va dekompensatsiya bosqichi;

- III darajali (morbid) semizlik (BMI ≥ 40);

- past bo‘ylik (nanizm) — 150 sm dan past;

- qo‘l yoki yelka harakatini cheklovchi nevrologik kasalliklar;

- terining ko‘krak qismida joylashgan og‘ir allergik yoki dermatologik kasalliklarining og‘ir shakllari (ekzema, psoriaz);

- ko‘krak yoki yelka sohasida protez yoki implantlar qo‘yilishi;

- ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘iga o‘tkazilgan ochiq turdagi operatsiyalar;

- stomalar (sun’iy chiqish yo‘li) qo‘yilishi;

- ko‘krak qafasi sohasidagi yirik hosilalar (o‘sma);

- homilador ayollar.

Ushbu kasalliklar mavjudligi to‘g‘risidagi «Elektron sog‘liqni saqlash» axborot tizimi orqali shakllantirilgan QR-kodli (shtrixli kod) elektron tibbiy ma’lumotnoma fuqaro biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi tomonidan beriladi. Tibbiy ma’lumotnomaning amal qilish muddati 6 oy.

Buyruq loyihasi 14 noyabrga qadar muhokama qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xavfsizlik kamarini taqmaganlik uchun jarima miqdori Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 1-qismiga asosan BHM 0,5 baravarini (bugungi kunda 206 ming so‘m) tashkil etadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid