Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqand tarixi YuNeSKO xulosasi bilan 3000 yildan ortiq deb baholandi
YuNeSKOning 43-sessiyasi doirasida o‘tgan xalqaro anjumanda Samarqand tarixi qayta baholandi. Ilmiy dalillar va arxeologik topilmalarga asoslangan xulosaga ko‘ra, shaharning tarixi ilgari aytilgandek 2750 yil emas, balki uch ming yildan ham qadimroq ekani tasdiqlandi.
YuNeSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida “Samarqand: 3000 yillik meros” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Tadbir Samarqand shahrining uch ming yillik tarixini ilmiy jihatdan baholash va uning insoniyat tamaddunidagi o‘rnini keng yoritishga qaratildi.
Anjumanda O‘zbekiston va xorijiy ilmiy muassasalar vakillari, tarixchi va arxeolog olimlar ishtirok etdi. Konferensiya ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Prezident administratsiyasi huzuridagi Kreativ iqtisodiyot va turizm masalalari departamenti direktori o‘rinbosari Elmurod Najimov hamda YuNeSKOning Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elondu Assomo so‘zga chiqdi.

Konferensiyada O‘zbekiston hamda xorijlik olimlar Samarqandning boy tarixiy, ma’naviy va madaniy merosi haqida ma’ruza qilib, shaharning insoniyat sivilizatsiyasida tutgan o‘rnini ilmiy jihatdan yoritdilar. Arxeologik va tarixiy tadqiqotlar natijalari taqdim etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Afrosiyob, Ko‘ktepa va boshqa arxeologik obektlarda olib borilgan qazishmalar natijalari Samarqand hududidagi ilk aholi manzilgohlari miloddan avvalgi II ming yillikka borib taqalishini ko‘rsatmoqda.


«Bu topilmalar Samarqand va uning vohasida shahar sivilizatsiyasi uzluksiz rivojlanib kelganini anglatadi», - deya ta’kidladi olimlar.
Muhokamalar davomida xalqaro hamkorlik doirasida olib borilgan tadqiqotlar asosida Samarqandning tarixi uch ming yildan kam emas, degan ilmiy xulosaga kelindi.
Shu bilan, ilgari ta’kidlanib kelingan 2750 yillik baholash endi qayta ko‘rib chiqilib, Samarqandning yoshi rasman 3000 yil deb belgilandi.
Mavzuga oid
12:00 / 04.12.2025
Samarqanddan Urgutga poyezd harakatlanmoqda - bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?
14:26 / 29.11.2025
Toshkent va Samarqand fuqarolik obektlari qurilishi bo‘yicha yetakchi hududlar bo‘ldi
18:31 / 26.11.2025
Samarqand viloyatida volfram majmuasi quriladi
18:39 / 25.11.2025