Sport | 16:20 / 05.11.2025
8823
7 daqiqa o‘qiladi

To‘rtinchi urinish. O‘smirlar jamoasi JChdagi ishtirokini boshlamoqda

Bahorda Saudiyadagi finalda mezbonlarga qarshi o‘yinda ikki kishi kam bo‘lib qolgan holda o‘ynab, yakunda chempionlikka erishgan jamoa bugun jahon chempionatida ilk o‘yinida maydonga tushadi. Bu O‘zbekiston o‘smirlari uchun to‘rtinchi mundial.

Foto: O‘FA

Bugun, 5 noyabr kuni O‘zbekiston U-17 jamoasi jahon chempionatidagi ishtirokini boshlaydi. Islombek Ismoilov boshchiligidagi o‘smirlar jamoasi dastlabki o‘yinda Paragvaydan kelgan tengqurlariga qarshi bahs olib boradi.

Uchrashuv starti Toshkent vaqti bilan soat 18:00 ga belgilangan. O‘yin Sport TV jonli efirida translatsiya qilinadi.

Guruhdagi keyingi o‘yinlar Irlandiya (8 noyabr) va Panama (11 noyabr) jamoalariga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Saudiyadagi qahramonlik

Islombek Ismoilov boshchiligidagi jamoa aprel oyida Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi.

O‘shanda jamoa avvalboshdan turnir chempionligi uchun asosiy favoritlardan biri ekanini namoyish etgandi. Guruh bosqichida dastlab Tailand 4:1 hisobida mag‘lub etilgan, ikkinchi turda Xitoy ustidan 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishilgan bu orqali guruh bosqichi va jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilingandi. Uchinchi turda mezbon Saudiya Arabistoniga qarshi rasmiyatchilikka aylangan o‘yinda yirik 3:0 hisobida yakunlangandi.

Pley-offda esa avvaliga BAA 3:1 hisobida taslim etildi, yarimfinalda esa KXDR darvozasiga javobsiz 3 ta to‘p kiritildi, holbuki shimoliy koreyaliklar chorakfinalda Indoneziyani 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.

Final esa chinakamiga dramatik tus oldi. O‘zbekiston vakillariga birinchi bo‘limning o‘zida ikki bor qizil kartochka ko‘rsatildi: avvaliga 39-daqiqada Nurbek Sarsenbayevga qo‘pollik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatildi va futbolchi maydonni ko‘zda yosh bilan tark etdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Miraziz Abdukarimov «so‘nggi umid foli» uchun maydondan chetlatildi.

Lekin bu zarbalar jamoaga aks ta’sir ko‘rsatdi va futbolchilardagi ishtiyoq haddan ortiq darajada ortib ketdi. Ikkinchi bo‘lim boshida mezbonlar futbolchisi jarima maydoni ichida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi, Muhammad Hakimov esa belgilangan penaltini aniq ijro etib, hisobni ochdi.

70-daqiqada esa Sadriddin Hasanov tezkor qarshi hujumda raqib posboni bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi hamda to‘pni uning oyoqlari orasidan o‘tkazib, ikkinchi golni urdi.

O‘yinning qolgan qismida hisob o‘zgarmadi va O‘zbekiston vakillari 9 kishi holatida g‘alabani saqlab qolib, Osiyo chempioniga aylandi.

Bu jamoa turnir davomidagi olti o‘yinda raqiblar darvozasiga jami 17 ta gol urib, atigi 3 ta gol o‘tkazib yuborgandi.

Oldingi mundiallar

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi bunga qadar uch marta jahon chempionatlarida ishtirok etgan va ikki bor chorakfinalgacha yetib borgan.

O‘zbekiston o‘z tarixidagi ilk bunday turnirga yo‘llanmani 2010 yil kuzida Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgandi. O‘shanda Aleksey Yevstafeyev boshchiligidagi jamoa finalgacha yetib borgan, ammo KXDRga qarshi finalda jamoa yetakchilari Sardor Rahmonov va Abbosbek Maxstaliyev maydondan chetlatilishi o‘yin taqdirini hal qilgandi.

Ushbu jamoa keyingi yil yozida Meksika maydonlarida o‘tkazilgan mundialda ham katta shov-shuv ko‘taradi. O‘zbekiston ilk o‘yinda Yangi Zelandiya vakillariga yutqazib qo‘ygan (1:4), ammo AQSh (2:1) va Chexiyaga (2:1) qarshi o‘yinlarda muhim ochkolarni qo‘lga kiritib, guruhda birinchi o‘rinni egallagandi. Pley-offdagi ilk o‘yinda Avstraliyaga hech qanday imkoniyat qoldirilmaydi, ammo chorakfinalda Urugvay O‘zbekistonning yurishini to‘xtatadi. Urugvay esa yarimfinalda Braziliya to‘sig‘idan ham o‘tadi, finalda mezbon Meksikaga yutqazib, kumush medallarga sazovor bo‘ladi.

O‘sha tarkibda Timur Hakimov, Abbos Maxstaliyev, Bobur Davlatov, Sardor Rahmonov, Sardor Sobirxo‘jayev, Zabihullo O‘rinboyev, Javlon Mirabdullayev, Azizbek Murotov va Davlatbek Yorbekov kabi yosh yulduzlar porlagandi.

O‘zbekiston o‘smirlarining keyingi avlodi ham jahon chempionatiga chiqqan. Dilshod Nuraliyev boshchiligidagi jamoa 2012 yilda Erondagi Osiyo chempionati finalida Yaponiyani penaltilar seriyasida mag‘lub etib, chempion bo‘ladi va 2013 yil BAAda o‘tkazilgan turnirga yo‘llanma oladi.

O‘zbekiston Marokash, Xorvatiya va Panama kabi jamoalar bilan bir guruhdan o‘rin olib, ikkinchi o‘rin bilan pley-offga chiqadi. Guruhda dastlab Panama 2:0 hisobida mag‘lub etilgan, Marokashga qarshi o‘yinda hisob ochilmay qolgan (0:0), Xorvatiyaga qarshi hal qiluvchi bahs esa 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan, o‘zbekistonliklar faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra Marokashdan ortda qolib, ikkinchi o‘rin bilan guruhdan chiqishgandi.

Ammo pley-offning ilk bosqichida Hondurasga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limida Akromjon Kamilov qizil kartochka oladi, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida KONKAKAF vakillari g‘alaba golini urishadi va O‘zbekiston o‘z ishtirokini yakunlaydi.

O‘smirlar jamoasining bu tarkibi Rustam Ashurmatov, Otabek Shukurov, Jamshid Boltaboyev, Odil Hamrobekov, Akobir To‘rayev, Javohir Siddiqov, Akrom Komilov va Shohjahon Abbosov kabi nomlar bilan yodda qolgan.

2023 yil yozida Olim Shokirov boshchiligidagi O‘zbekiston o‘smirlari Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogida chorakfinalda Saudiya Arabistonini mag‘lub etib, JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

O‘sha yil kuzida Indoneziyada bo‘lib o‘tgan turnirda esa jamoa chorakfinalgacha borib, Meksikadagi natijani takrorlaydi.

Jamoa Ispaniya, Kanada va Mali kabi kuchli jamoalardan iborat guruhdan o‘rin olgandi. Dastlabki o‘yin Maliga yirik hisobda boy beriladi (0:3), ikkinchi turda Kanada xuddi shu hisobda mag‘lub etiladi, hal qiluvchi o‘yinda esa Ispaniya bilan qayd etilgan durang (2:2) guruhlardagi eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari safida pley-offga chiqish imkonini beradi.

Nimchorakfinalda jamoa sensatsiya ko‘tarib, Angliyani mag‘lub etadi (2:1). Ammo chorakfinalda Fransiya o‘smirlarining qo‘li ustun keladi (1:0).

O‘sha tarkibda Amirbek Saidov, Lazizbek Mirzayev, Behruz Shukurullayev kabi o‘smirlar yorqin o‘yin ko‘rsatgandi.

Bu safargi turnirda O‘zbekiston nisbatan oson guruhdan o‘rin olganidan kelib chiqib, pley-off yo‘llanmasi minimum vazifa bo‘lib turibdi. Jamoa bu turnirda ham kamida chorakfinalga chiqish natijasini takrorlashi kutilmoqda.

Mavzuga oid