Jahon | 22:34 / 06.11.2025
5161
3 daqiqa o‘qiladi

Albaniya va Gretsiya chegarasida dunyodagi eng katta o‘rgimchak to‘ri topildi

U maydoni taxminan 106 kvadrat metr bo‘lgan tor yo‘lak devori bo‘ylab cho‘zilgan va minglab alohida to‘rlarning to‘qimasidan iborat. Unda 111 mingdan ortiq o‘rgimchak yashashi ta’kidlanmoqda.

Foto: Live Science

Olimlar Albaniya va Gretsiya chegarasidagi Oltingugurt g‘orida ma’lum bo‘lgan o‘rgimchak to‘rlarining eng yirigini topdi - unda 111 mingdan ortiq o‘rgimchak yashaydi. U maydoni taxminan 106 kvadrat metr bo‘lgan tor yo‘lak devori bo‘ylab cho‘zilgan va minglab alohida to‘rlarning to‘qimasidan iborat.

Ruminiyadagi Transilvaniya universiteti xodimi Ishtvan Urak boshchiligidagi tadqiqot mualliflarining fikricha, bu birgalikda yashovchi ikki turdagi o‘rgimchaklarning birinchi qayd etilgan koloniyasidir.

Gap Tegenaria domestica (uy o‘rgimchagi) va Prinerigone vagans haqida ketmoqda. Odatda, bu turlar jamoa hosil qilmaydi, ammo abadiy qorong‘ulik sharoitida ular birgalikda yashashga muvaffaq bo‘lgan.

Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, g‘orda 69 mingga yaqin Tegenaria domestica va 42 mingdan ortiq Prinerigone vagans yashaydi. DNK tahlili koloniyada aynan shu turlar dominantlik qilishini tasdiqladi. Urak so‘zlariga ko‘ra, bunday ko‘p sonli individlarning birga yashashi noyob hodisadir.

Chexiyalik speleologlar ulkan o‘rgimchak to‘rini birinchi marta 2022 yilda payqagan bo‘lsa, 2024 yilda u yerga ilmiy ekspeditsiya yo‘l oldi. Olimlar o‘rgimchaklar g‘orda yashovchi chivinlarni yeyishini aniqladi. Ular, o‘z navbatida, oltingugurt oksidlovchi bakteriyalar hosil qilgan bioplenka bilan oziqlanadi. G‘or orqali oqib o‘tuvchi oltingugurt oqimi bu organizmlarning yashashi uchun qulay muhit yaratadi.

Mikrobiom tahlili shuni ko‘rsatdiki, g‘or o‘rgimchaklari yer ustidagi turdoshlaridan sezilarli darajada farq qiladi - ularning ichak florasi kamroq xilma-xil va genetik farqlar ekstremal muhitga moslashgan. Olimlarning fikricha, bu izolyatsiya va maxsus sharoitlar odatiy turlarda kutilmagan xatti-harakatlarni keltirib chiqarishi mumkinligiga misol bo‘la oladi.

Ishtvan Urak ikki davlat o‘rtasidagi g‘orning joylashuvi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga qaramay, koloniyani saqlab qolish kerakligini ta’kidladi. Hozir tadqiqotchilar uni o‘rganishni davom ettirmoqda va g‘ayrioddiy hasharotlari haqida yangi maqola tayyorlamoqda.

Mavzuga oid