Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyo rekordiga yaqin: 1200 yildan ortiq faoliyatga ega kompaniyalar
Ko‘plab startaplar besh yilga ham bora olmaydigan zamonaviy biznes olamida asrlar, hatto ming yildan ziyod vaqt mobaynida ishlayotgan kompaniyalar bor.
St. Peter Stifskulinarium restorani Foto: Kolarik Andreas
Bu korxonalar urushlar, epidemiyalar, iqtisodiy inqirozlar va texnologik inqiloblarni boshdan kechirgan, ammo hanuz dolzarbligini yo‘qotmagan. World Atlas uzluksiz ishlayotgan eng qadimgi besh kompaniya ro‘yxatini tuzdi.
5. The Royal Mint — Buyuk Britaniya (886 yilda asos solingan).
886 yilda Qirol Alfred (Alfred the Great) davrida tashkil etilgan Qirollik Moneta fabrikasi (Royal Mint) 1100 yildan ortiq vaqt mobaynida Buyuk Britaniyaning rasmiy tanga ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Ilk bor London Tauerida joylashgan bu muassasa hozir Uelsdagi Llantrisant shahrida qo‘riqlanadigan majmuada faoliyat yuritadi.
Bugun Royal Mint faqat muomalaga chiqarilgan tangalar bilan cheklanmaydi: yubiley va kolleksion tangalar chiqaradi, investitsion oltin ishlab chiqaradi, hatto oltin qoplamali jamg‘arma mahsulotlarini ham taklif qiladi. Naqd puldan foydalanish bosqichma-bosqich qisqarayotgan davrda «ishlab chiqarishdan lyuks mahsulotlar»gacha transformatsiya qila olish qobiliyati kompaniyani saqlab turibdi.
4. Tanaka-Iga — Yaponiya (885 yil).
Tanaka-Iga — 885 yildan beri butsudan (Butsudan) deb ataluvchi buddaviy uy buyumlarini tayyorlaydigan oilaviy kompaniya. O‘yma yog‘ochdan yasaladigan bu buyumlar ko‘plab yapon xonadonlarida duo va ajdodlarini e’zozlashda markaziy o‘rin tutadi.
Deyarli 1200 yillik mavjudligi davomida Tanaka-Iga an’anaviy hunarga sodiq qolgan holda, zamonaviy vositalardan ham faol foydalanib, talabni qondirib kelmoqda. Bugun bu oddiy kompaniya emas, balki yapon san’ati va ruhiy an’anasining posboni sifatida qadrlanadi.
3. Staffelter Hof — Germaniya (862 yil).
Mozel vodiysida joylashgan Staffelter Hof — dunyoning eng qadimgi uzumchilik xo‘jaliklaridan biri. 862 yilda monastir tokzorlari sifatida asos solingan bu xo‘jalik hozirgacha yuqori toifali mahsulot ishlab chiqarishni davom ettirmoqda.
Xo‘jalik shuningdek turistik maskanga aylangan: mehmonxona va ekskursiyalar orqali mehmonlarga ming yillik an’anasini namoyish etadi. Uning barqarorligi tarixiy brendlar o‘z tarixiga suyanib turib, global auditoriyani qanday jalb eta olishini ko‘rsatadi.
2. St. Peter Stifskulinarium — Avstriya (803 yil).
803 yilda asos solingan afsonaviy St. Peter Stifskulinarium restorani Zalsburgdagi Sen-Pyotr abbatligi hududida joylashgan. U Yevropa qit’asining eng qadimgi restorani sifatida tilga olinadi. 1200 yildan oshiq faoliyati davomida u podshohlar, musiqachilar va sayyohlarni — afsonalarga ko‘ra, hatto Buyuk Karlni ham qabul qilgan.
Bugun bu shunchaki restoran emas: tarix, me’morchilik va Avstriya oshpazlik an’analari uyg‘unlashgan o‘ziga xos tajriba markazidir. Mehmonlar barokko zallarida sham yoqilgan holda kechki ovqatlardan bahramand bo‘lishi mumkin — bu St. Peter Stifskulinarium’ni dunyodagi eng ta’sirchan kechki oshgohlardan biriga aylantiradi.
1. Genda Shigyō — Yaponiya (771 yil).
771 yilda Kiotoda asos solingan Genda Shigyō maxsus marosimlarda ishlatiladigan qog‘oz mahsulotlariga ixtisoslashgan. Uning mahsulotlari nikoh, choy marosimi va sinto rituallari uchun zarur hisoblanadi.
Genda Shigyō'ning o‘ziga xosligi — 1200 yildan ortiq tarixga ega an’anaviy qog‘oz tayyorlash texnikasini asrab-avaylab kelishi. Kompaniya usta darslari o‘tkazadi, bilim va ko‘nikmalarni keyingi avlodlarga yetkazadi — shu tariqa biznesni faqat tijorat emas, balki madaniy institutsiyaga ham aylantiradi.
Mavzuga oid
21:10 / 20.11.2025
O‘zbekistonga Polsha biznes doiralaridan iborat delegatsiya tashrif buyuradi
17:22 / 21.10.2025
AQShda ikkita yirik avtomobil kompaniyasi bankrot bo‘ldi: bu moliyaviy tizim uchun yangi ogohlantirishmi?
15:19 / 13.10.2025
O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan ayollar uchun qo‘llanma: ilk qadamlar, imkoniyatlar va to‘siqlar
17:54 / 30.09.2025