Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil vaziri yahudiylarni Nyu-Yorkni tark etishga chaqirdi
Isroilning diaspora masalalari va antisemitizmga qarshi kurash bo‘yicha vaziri shahar meri saylovida musulmon Zohran Mamdaniy g‘alaba qozonganidan so‘ng Nyu-Yorkda yashayotgan yahudiylarni shaharni tark etishga chaqirdi. Uning ta’kidicha, shaharni "HAMASni qo‘llab-quvvatlovchi" shaxs boshqaradi.
Ammihay Shikli Foto: Olivier Fitousi/Flash90
Diaspora masalalari va antisemitizmga qarshi kurash vaziri Ammihay Shikli 34 yoshli musulmon-demokrat Zohran Mamdaniy Nyu-York meri saylovida g‘alaba qozonganidan keyin, shahardagi yahudiylarni vatanga qaytishga chaqirdi.
“Bir vaqtlar umumiy erkinlik ramzi bo‘lgan shahar hokimiyat kalitini 25 yil oldin Nyu-Yorkning uch ming aholisini o‘ldirgan fanatiklar pozitsiyasidan uncha farq qilmaydigan, HAMAS tarafdori qo‘liga topshirdi”, — deb yozdi Shikli 5 noyabr kuni X sahifasida.
Uning fikricha, “Nyu-York endi hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi, ayniqsa uning yahudiy jamoasi uchun”, shu bois ular “Isroil zaminini yangi uyi qilish haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishi” kerak. “Nyu-York, London jarlikka ochiq ko‘z bilan kirib bormoqda”, — deb qo‘shimcha qildi Shikli.
Shaharda taxminan 1,3 million yahudiy yashaydi — bu Isroildan tashqari dunyodagi eng yirik yahudiy jamoati. Shu bilan birga, Mamdaniy Isroildagi hokimiyatni “aparteid rejimi”, G‘azodagi urushi esa “genotsid” deb atagan. Biroq u HAMAS haqida alohida bayonot bermagan.
Shiklining Mamdaniyga oid bayonotiga Isroil milliy xavfsizlik vaziri va o‘ng “Otsma Yyexudit” (“Yahudiy kuchi”) partiyasi rahbari Itamar Ben-Gvir ham qo‘shildi. AFP uning so‘zlarini keltirdi: “Antisemitizm sog‘lom aqlni yengdi. Mamdaniy — HAMAS tarafdori, Isroil dushmani va ashaddiy antisemit”.
Shahar boshlig‘i saylovi 4 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Deyarli 98 foiz ovozlar sanab chiqilgandan so‘ng, Demokratik partiya va “Ishlovchi oilalar partiyasi” qo‘llab-quvvatlagan Mamdaniy 50,4 foiz ovoz bilan birinchi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinda 41,6 foiz ovoz bilan mustaqil nomzod Endryu Kuomo turibdi, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp uni qo‘llab-quvvatlab, u yutqazadigan bo‘lsa, shahar moliyalashtirilishini qisqartirish bilan tahdid qilgan edi. Kuomo 2011–2021 yillarda Nyu-York shtati gubernatori bo‘lgan, keyin jinsiy tazyiq ayblovlari ortidan iste’fo bergan va Demokratik partiya praymerizida Mamdaniyga yutqazgan.
Tramp, shuningdek, so‘l qarashli Mamdaniyni kommunist deb atagan. Prezidentning ta’kidlashicha, siyosatchining g‘oyalari shaharga zarar yetkazadi. Xususan, u ijara haqini muzlatib qo‘yish, shahar avtobuslarida bepul yurish, umumiy maktabgacha ta’lim va munitsipal oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ini ochishni taklif etgan. Mamdaniy bu loyihalarni boylar va kompaniyalar uchun soliqlarni oshirish hisobiga moliyalashtirishni rejalashtirmoqda.
Mavzuga oid
13:42
Isroil «Yevrovideniye-2026»da qatnashadi, qator davlatlar tanlovni boykot qiladi
15:51 / 02.12.2025
Netanyahu qanday ayblovlar uchun afv so‘ramoqda va buning imkoni bormi?
13:59 / 02.12.2025
“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov
18:14 / 30.11.2025