Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroilda sobiq bosh harbiy prokuror hibsga olindi
U falastinlik mahbus qiynoqqa solingani aks etgan videoni jurnalistlarga sizdirgandi.
Oren Ben Hakoon / AP / Scanpix / LETA
Isroilda 2025 yil 3 noyabr kuni general-mayor Ifat Tomer-Yyerushalmi hibsga olindi. U yaqingacha mamlakatning bosh harbiy prokurori edi. 31 oktyabr kuni u isroillik harbiylar falastinlik mahbusni tahqirlagani aks etgan video jamoatchilikka taqdim etilishida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan holda iste’foga chiqqandi.
Isroil televideniyesining 12-kanali tomonidan ilk bor 2024 yil avgust oyida namoyish etilgan kadrlar Isroil janubidagi Negev cho‘lida joylashgan Sde-Teyman harbiy bazasidagi falastinlik mahbuslarni vaqtinchalik saqlash markazida o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga yozib olingan. 2023 yil oktyabridan beri G‘azo sektorida qo‘lga olingan falastinliklar ommaviy ravishda shu yerga olib kelib saqlangan.
Videoda katta angarning beton polida yuztuban yotgan o‘nlab mahbuslar aks etgan. Ulardan birini balaklava kiygan bir guruh askarlar chetga olib, kameralardan qalqon bilan to‘sib qo‘yishadi. Qalqonlar ortida aynan nima sodir bo‘lgani ma’lum emas. Biroq, ushbu mahbusning tibbiy kartasini ko‘rgan manbalar jurnalistlarga keyinchalik unga to‘g‘ri ichak yorilishi tashxisi qo‘yilganini aytishgan. Taxminlarga ko‘ra, bu mahbus jinsiy zo‘ravonlikka uchragan.
Sde-Teymanda mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari haqidagi xabarlar avval ham, kamida 2024 yilning may oyidan beri bo‘lgan. Ularni ko‘pchilik uchun mo‘ljallanmagan kichik xonada ushlab turishgan, kishanlashgan, ko‘zlarini bog‘lab qo‘yishgan, hojatxonaga kiritishmagan, gaplashishni taqiqlashgan, kaltaklashgan.
Tomer-Yerushalmi boshchiligidagi harbiy prokuratura Sde-Teymandagi voqealar bo‘yicha tergov boshladi. Bu o‘ng siyosatchilar va faollar tomonidan keskin tanqidga uchradi: ular Isroil mudofaa armiyasi askarlariga qo‘yilgan ayblovlarni «qonli bo‘hton» deb atadi. Iyul oyida ushbu bazada xizmat qilgan to‘qqiz nafar askar qo‘lga olindi. Hibsga olish tartibsizliklar bilan kechgandi: bir guruh faollar harbiylar bilan birdamlik bildirish uchun Sde-Teymanga bostirib kirgan. Yakunda besh nafar askarga og‘irlashtiruvchi holatlarda og‘ir tan jarohati yetkazganlik aybi qo‘yilgan.
Jill Gralow / Reuters / Scanpix / LETA
Yopiq harbiy obektdan sizib chiqqan video bo‘yicha surishtiruv voqea bilan bir vaqtda olib borildi. 2025 yil 29 oktyabrda bunga harbiy prokuratura xodimlari aloqadorlikda gumon qilinayotgani ma’lum bo‘ldi.
31 oktyabr kuni Tomer-Yerushalmi videoni jurnalistlarga o‘zi berganini tan oldi. «Men buni harbiy huquq-tartibot idoralariga qarshi yolg‘on tashviqotga qarshi turish va armiya o‘z jinoyatlarini e’tiborsiz qoldira olmasligini ko‘rsatish uchun qildim, – dedi u. – Afsuski, eng razil mahbuslarga nisbatan ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan xatti-harakatlar mavjudligini tushunishning o‘zi hammaga ayon bo‘lmay qoldi».
Tomer-Yerushalmi adolat uchun, muntazam qiynoqlar sodir bo‘layotgan Sde-Teymandagi holatga e’tibor qaratish uchun harakat qilganini ta’kidlagan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu uning iqrori va iste’fosidan so‘ng, video sizdirilishi «Isroil davlati obro‘siga dahshatli zarar yetkazgani»ni aytdi. Mudofaa vaziri Israel Kats askarlarga nisbatan «qonli tuhmat» haqidagi ayblovni takrorladi.
2 noyabr kuni Tomer-Yyerushalmi g‘oyib bo‘lib qoldi. Qarindoshlari uning o‘lim oldi xatiga o‘xshash maktubni topishganini aytishdi. Uning mashinasi Tel-Aviv yaqinidagi Suk plyajida turgani aniqlandi. Politsiya sobiq bosh harbiy prokurorni bir necha soat qidirdi. Natijada u tirik va sog‘lom holda topilgan. Ko‘p o‘tmay uni hibsga olishdi.
Isroilning Breaking the Silence jamoat tashkiloti sobiq prokuror iste’foga chiqqanidan so‘ng darhol shunday bayonot berdi: «Sde-Teymandagi tizimli qiynoqlar aniqlangan fakt. Ammo Isroil mudofaa armiyasi fikriga ko‘ra, bu emas, balki jamoatchilik bu haqda video sizib chiqishi orqali bilib qolgani haqiqatan ham nomaqbul holatdir». Breaking the Silence Isroil mudofaa armiyasi faxriylari tomonidan tashkil etilgan. Ushbu tashkilot isroillik askarlarning Falastin hududlarida bo‘lishi yuzasidan, jumladan, harbiy qo‘mondonlik va siyosiy rahbariyat buyrug‘i bilan falastinliklarga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilgani haqidagi dalillarni to‘playdi.
Mavzuga oid
13:42
Isroil «Yevrovideniye-2026»da qatnashadi, qator davlatlar tanlovni boykot qiladi
15:51 / 02.12.2025
Netanyahu qanday ayblovlar uchun afv so‘ramoqda va buning imkoni bormi?
13:59 / 02.12.2025
“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov
18:14 / 30.11.2025