Isroilda 2025 yil 3 noyabr kuni general-mayor Ifat Tomer-Yyerushalmi hibsga olindi. U yaqingacha mamlakatning bosh harbiy prokurori edi. 31 oktyabr kuni u isroillik harbiylar falastinlik mahbusni tahqirlagani aks etgan video jamoatchilikka taqdim etilishida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan holda iste’foga chiqqandi.
Isroil televideniyesining 12-kanali tomonidan ilk bor 2024 yil avgust oyida namoyish etilgan kadrlar Isroil janubidagi Negev cho‘lida joylashgan Sde-Teyman harbiy bazasidagi falastinlik mahbuslarni vaqtinchalik saqlash markazida o‘rnatilgan kuzatuv kameralariga yozib olingan. 2023 yil oktyabridan beri G‘azo sektorida qo‘lga olingan falastinliklar ommaviy ravishda shu yerga olib kelib saqlangan.
Videoda katta angarning beton polida yuztuban yotgan o‘nlab mahbuslar aks etgan. Ulardan birini balaklava kiygan bir guruh askarlar chetga olib, kameralardan qalqon bilan to‘sib qo‘yishadi. Qalqonlar ortida aynan nima sodir bo‘lgani ma’lum emas. Biroq, ushbu mahbusning tibbiy kartasini ko‘rgan manbalar jurnalistlarga keyinchalik unga to‘g‘ri ichak yorilishi tashxisi qo‘yilganini aytishgan. Taxminlarga ko‘ra, bu mahbus jinsiy zo‘ravonlikka uchragan.
Sde-Teymanda mahbuslarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari haqidagi xabarlar avval ham, kamida 2024 yilning may oyidan beri bo‘lgan. Ularni ko‘pchilik uchun mo‘ljallanmagan kichik xonada ushlab turishgan, kishanlashgan, ko‘zlarini bog‘lab qo‘yishgan, hojatxonaga kiritishmagan, gaplashishni taqiqlashgan, kaltaklashgan.
Tomer-Yerushalmi boshchiligidagi harbiy prokuratura Sde-Teymandagi voqealar bo‘yicha tergov boshladi. Bu o‘ng siyosatchilar va faollar tomonidan keskin tanqidga uchradi: ular Isroil mudofaa armiyasi askarlariga qo‘yilgan ayblovlarni «qonli bo‘hton» deb atadi. Iyul oyida ushbu bazada xizmat qilgan to‘qqiz nafar askar qo‘lga olindi. Hibsga olish tartibsizliklar bilan kechgandi: bir guruh faollar harbiylar bilan birdamlik bildirish uchun Sde-Teymanga bostirib kirgan. Yakunda besh nafar askarga og‘irlashtiruvchi holatlarda og‘ir tan jarohati yetkazganlik aybi qo‘yilgan.

Jill Gralow / Reuters / Scanpix / LETA
Yopiq harbiy obektdan sizib chiqqan video bo‘yicha surishtiruv voqea bilan bir vaqtda olib borildi. 2025 yil 29 oktyabrda bunga harbiy prokuratura xodimlari aloqadorlikda gumon qilinayotgani ma’lum bo‘ldi.
















