Jamiyat | 09:05 / 06.11.2025
19124
4 daqiqa o‘qiladi

“Ona uchun yasalgan pechka” – migrantlikdan pechkachilikkacha

Havo harorati sezilarli pastlashi bilan ko‘pchilik uy isitish taraddudiga tushib qoldi. Tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda odamlar tejamkor, eng asosiysi xavfsiz pechkalarni izlashga tushgan. Farg‘onaning Qo‘shtepa tumanidan bo‘lgan Lazizbek Abduhatov astma kasaliga chalingan onasiga tutun chiqarmaydigan pechka yasab berish uchun astoydil bel bog‘lagan va buning uddasidan chiqqan. Rossiyada muhojirlikda yurgan pechkachi qishloqqa qaytadi va o‘zi ixtiro qilgan antiqa pechkasi sabab dovruq qozondi. U yasagan pechkalar yurtimizdan tashqari qo‘shni respublikalarga ham sotilyapti.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Lazizbek o‘zi ixtiro qilgan pechka haqida so‘zlab berdi:

“Qishloqchilik, sovuq tushganidan keyin amallab isinish kerak. Onamning ko‘mirga allergiyasi bor. Uydagi pechkalar esa tutab ketardi. Shunda opilka yoqa boshladik. Opilka ertalabga yaqin o‘chib qolayotgani uchun ko‘mir pechkaga o‘zgartirmoqchi bo‘ldim. Opilka pechkani o‘zim yasagan edim. Shunda xayolimga bir fikr keldi. Tutunga allergiyamiz bor, ko‘mirga yonadigan, tutamaydigan pechka o‘ylab topsammikin.... Buning ustida ishlashni boshladim.

Lazizbek Abduhatov

Internetdan izladim, boshqa qildim. Olovning fizik xususiyatlarini o‘rganib chiqdim. Olov nega tutaydi? Eski pechkalarning hammasini birma-bir tekshirib, nihoyat tutamaydigan pechka ixtiro qildim. Sinovlardan o‘tkazdim, tutamadi. Natijasi yaxshi bo‘ldi. Ko‘mirlar qimmat bo‘lib ketyapti borgan sari. Tejamkor bo‘lishi kerak-da baribir. Shuning uchun tejamkorlikka e’tibor berib, havo beradigan maxsus moslamalar o‘rnatdim.

O‘ylab topgan pechkamning boshqa pechkalardan farqi nimada? O‘zbekiston sharoitida ko‘mir eng arzon yoqilg‘i. Boshqa pechkalardan farqi tagida havo beradigan moslamasi bo‘ladi. Havoni mahkam ushlab turadi, ichkariga havo berishni yaxshi taqsimlaydi. Buning hisobiga uyni isitgan, ichidagi yonayotgan ko‘mir cho‘g‘ga aylanganidan keyin tagidagi havosi berkitib qo‘yilsa, tejamkor rejimga o‘tadi va ertalabgacha uyni issiq haroratda ushlab turadi. Tejamkor pechkamizga bir kecha uchun uyning holatiga qarab 4 kilogrammdan 7 kilogrammgacha ko‘mir yoqiladi.

Muhojirlik...

Bundan bir necha yil avval Rossiyada ishlardim, migrantlik ham jonga tekkandi. “Moskvich”imda bozorlarga mol tashirdim. Bu ish faqat tirikchilik uchun edi. Ro‘zg‘ordan orttirib biror narsa qila olmasdim.

Yasagan pechkamni eng avval qo‘shnilarga berdim. Keyin qarindosh-urug‘larga yasab berdim. Vaqt o‘tib pechka ommalashib ketdi. “Moskvich” mingani ham vaqt bo‘lmay qoldi. Faoliyatni kengaytirishga to‘g‘ri keldi. Mijozlar ko‘payib ketgach, ishchi oldim. Hozir qo‘limda ko‘pchilik ishlaydi. Kerak bo‘lsa pechka yasab ulgurmayapmiz.

Kamchiliklarini bartaraf etib takomillashtirib borib, ixtiro qilgan pechkamiz mukammal holatga keldi. Mijozlar talabidan kelib chiqib qaysidir joylarini o‘zgartirdik.

Biror joyga mehmonga borib o‘zimning pechkamni ko‘rib qolsam xursand bo‘lib ketaman. Ixtiro qilgan pechkamizda 7 daqiqada 2 litr choy qaynayapti. Xalqimizga tutamaydigan, uy havosini ifloslantirmaydigan tejamkor pechka meros bo‘lib qoldi. Men bundan xursandman”, deydi pechkachi usta Lazizbek Abduhatov.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Mavzuga oid