O‘zbekiston | 07:37 / 06.11.2025
3279
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSh Kongressi vakillari bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zolari Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davni qabul qildi. Tomonlar strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish, parlamentlararo aloqalar hamda savdo-investitsiya yo‘nalishlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh poytaxtiga tashrif doirasida o‘ziga ajratilgan qarorgohda Kongressning Vakillar palatasi a’zolari — Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davni qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat parlamentlarining amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanayotgani, Kongressda O‘zbekiston bo‘yicha kokus samarali faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.

Tomonlar har yili Vakillar palatasida kokus ko‘magida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston kunlari” ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni, avvalo savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda amalga oshirishga Kongress qo‘llab-quvvatlovi muhim ekani ta’kidlandi.

Uchrashuvda hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Kongress a’zolari vakillik qilayotgan G‘arbiy Virjiniya, Michigan va Kaliforniya shtatlari bilan sanoat, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda amaliy sheriklik loyihalarini ishga tushirish masalalari muhokama etildi.

Yakunda AQSh Kongressi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari rahbarlari boshchiligidagi ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid