Jahon | 21:17 / 06.11.2025
2495
2 daqiqa o‘qiladi

Singapurda onlayn firibgarlik uchun darralash jazosi joriy etildi

Firibgarlik Singapurda eng keng tarqalgan jinoyat turi bo‘lib, endi uni sodir qilganlarga 6 dan 24 gacha marta tayoq uriladi.

Foto: AFP

Singapurda onlayn firibgarlik uchun darra urish bilan jazolash boshlanadi. Shahar-davlat parlamenti shu hafta jinoyat qonunchiligiga o‘zgartirish kiritib, bu chorani joriy yilning birinchi yarmida deyarli 385 million dollar zarar keltirgan o‘n minglab firibgarlik sxemalari qayd etilgandan so‘ng, firibgarlar va ularning sheriklari uchun sanksiyalar sifatida qo‘shdi, deb yozdi The Washington Post.

Davlatning tashqi va ichki ishlar bo‘yicha katta vaziri Sim Ann shunday dedi: «Asosan masofadan turib muloqot qilish orqali aldash deb belgilangan firibgarlikni sodir etgan jinoyatchilarga kamida olti marta darra uriladi».

Majburiy jazo 24 ta zarbagacha yetishi mumkin, deb xabar bermoqda mahalliy OAV. Firibgarlik Singapurda eng keng tarqalgan jinoyat turi bo‘lib, so‘nggi yillarda qayd etilgan barcha huquqbuzarliklarning 60 foizini tashkil etadi. Rasmiylarga ko‘ra, bu jinoyatlar milliardlab dollar zarar keltiradi. Firibgarlik sindikatlari a’zolari va yollovchilari ham qonun ta’siriga tushadi va sudlangan taqdirda tayoq bilan jazolanadi.

Singapurda allaqachon 65 ga yaqin turdagi jinoyatlar, jumladan, bosqinchilik uchun jismoniy jazosi qo‘llanadi. Inson huquqlari tashkilotlari, jumladan, Human Righs Watch va Amnesty International tayoqlardan jazo sifatida foydalanishni bir necha bor tanqid qilgan va bu amaliyotdan voz kechishni talab etgan.

Mavzuga oid