Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Putin undan urushni tugatishda yordam berishni so‘ragani haqida gapirdi
Foto: Sergey Bobilev / TASS / Profimedia
AQSh prezidenti Donald Tramp ikki hafta oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘zi undan Rossiya-Ukraina urushini tugatishda yordam berishni so‘raganini aytdi.
Trampning ta’kidlashicha, Putin unga Rossiya «o‘n yildan beri bu urushni tugatishga urinayotgani» haqida gapirgan.
«Men ikki hafta oldin Putin bilan gaplashdim va u shunday dedi: „Biz 10 yildan beri urushni tugatishga harakat qilmoqdamiz, ammo buning uddasidan chiqa olmadik. Endi buni sen hal qilishing kerak“», – dedi AQSh prezidenti.
Kremlda Trampning so‘zlariga izoh berilmadi.
Putin ko‘p marta urushni Rossiya «boshlamagani»ni (garchi aynan u urushni boshlagan bo‘lsa-da), aksincha, uni tugatishga intilayotganini ta’kidlagan. Rossiya propagandasi versiyasiga ko‘ra, mojaroda Rossiya manfaatlari bilan hisoblashmagan G‘arb davlatlari va NATOga kirmoqchi bo‘lgan va go‘yoki Donbassda «rus tilida so‘zlashuvchi aholi genotsidi»ni amalga oshirgan Ukraina aybdor.
Tramp Vladimir Putin urushni tugatishni istayotganiga ishonchi komil ekanini bir necha bor ochiq aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti «haqiqatan ham AQSh bilan ish olib borishni istaydi» va Vashington bilan aloqalarni tiklashga intilmoqda.
Tramp 2025 yil boshidan buyon ko‘p marta mojaroni imkon qadar tezroq hal qilishda yordam berishga tayyorligini e’lon qildi va keyin bu muddatlarni doimiy ravishda surib bordi. 3 noyabr kuni AQSh prezidenti urushni «bir-ikki oy ichida» tugatish mumkinligiga yana bir bor ishonch bildirdi.
Tramp va Putin 16 oktyabr kuni – AQSh prezidentining Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuvi arafasida telefon orqali muloqot qildi. O‘sha suhbat chog‘ida Tramp va Putin tez orada Budapeshtda uchrashuv o‘tkazishga kelishib olishgandi.
Ko‘p o‘tmay sammit Trampning o‘zi tomonidan bekor qilindi. U buni «behuda uchrashuv o‘tkazishni istamasligi» bilan izohladi. Keyinchalik Amerikadagi nashrlar o‘z manbalariga tayanib, bu Moskvaning murosasiz pozitsiyasi tufayli sodir bo‘lganini yozdi: Rossiya Kiyevdan hududiy yon berishni talab qilmoqda. Tramp esa frontning hozirgi chizig‘i bo‘yicha otashkesim taklif qilgan – bu pozitsiyani Ukraina va Yevroittifoq qo‘llab-quvvatladi.
Trampning Putin bilan uchrashuvi bekor qilinganidan ko‘p o‘tmay, AQSh yangi sanksiyalar paketini joriy qildi – bu Tramp Oq uyga qaytganidan beri birinchisi bo‘ldi. Cheklovlar Rossiyaning neft-gaz sohasidagi ikkita asosiy kompaniyasi – «Rosneft» va «Lukoyl»ga nisbatan kiritildi.
Mavzuga oid
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
22:15 / 04.12.2025
BRICS yagona valutasini joriy etishga shoshilishdan ma’no yo‘q – Putin
15:45 / 04.12.2025
Neft, qurol va geosiyosat. Putin nega Hindistonga davlat tashrifi bilan kelmoqda?
08:52 / 04.12.2025