Jamiyat | 15:17 / 07.11.2025
6439
1 daqiqa o‘qiladi

Kiberfiribgarlikda ayblangan shaxs O‘zbekistonga deportatsiya qilindi

Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan kompleks tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, bir qator kiberfiribgarlik jinoyatlarida ayblanayotgan va 10 nafardan ortiq vatandoshning mablag‘larini o‘zlashtirganlikda gumon qilinayotgan fuqaro U.Z. (2005 y.t.) O‘zbekiston hududiga deportatsiya qilindi.

Foto: O‘zbekistonning Istanbuldagi konsulxonasi

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mazkur shaxsga nisbatan xalqaro hamkorlik doirasida qidiruv va protsessual harakatlar amalga oshirilgan. Deportatsiyadan so‘ng belgilangan tartibda surishtiruv-tergov jarayonlari davom ettiriladi.

Ushbu shaxsning noqonuniy xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekiston Respublikasi IIV yoki uning hududiy bo‘linmalariga, shuningdek O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilish so‘raladi.

Istanbuldagi Bosh konsulxona ta’kidlashicha, jinoiy javobgarlikdan qochib xorijda, jumladan Turkiyada yashirinayotgan har qanday shaxsga nisbatan jinoiy ta’qib izchil davom ettiriladi va “jinoyat uchun javobgarlik” tamoyili qat’iy ta’minlanadi.

So‘nggi paytlarda turli firibgarliklar bo‘yicha konsullikka kelib tushayotgan murojaatlar soni oshgani hisobga olinib, fuqarolarga ogohlikni kuchaytirish, shubhali taklif va havolalarga ishonmaslik, shaxsiy ma’lumotlarni begona shaxslarga bermaslik tavsiya etildi.

Mavzuga oid