Jahon | 08:26 / 08.11.2025
2601
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Suriya prezidentini terrorchilar ro‘yxatidan chiqardi

Suriya muvaqqat prezidenti lavozimini egallab turgan Ahmad ash-Shar’a Vashingtonning terrorchilar ro‘yxatidan mamlakat ichki ishlar vaziri Anas Hasan Hattob bilan birga chiqarildi. Bu haqda 7 noyabr kechqurun AQSh Davlat departamenti saytida xabar qilindi. Matnda qayd etilishicha, BMT Xavfsizlik Kengashi (XK)ning AQSh tayyorlagan rezolyutsiyasini qabul qilishi “Suriyaning yangi bosqichga o‘tishi tasdig‘i bo‘lgan kuchli siyosiy signal”dir.

Foto: Jeenah Moon/REUTERS

“Prezident ash-Shar’a boshchiligidagi yangi Suriya hukumati bedarak yo‘qolgan amerikaliklarni izlash, terrorizm va narkotiklarga qarshi kurash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish, kimyoviy qurol qoldiqlarini yo‘q qilish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka ko‘mak berish hamda inklyuziv siyosiy jarayonni qo‘llab-quvvatlash uchun bor kuchini sarflamoqda”, — deb izohladi qarorni Davlat departamenti.

10 noyabr kuni Suriyaning vaqtinchalik prezidenti o‘zining ilk tashrifi bilan Vashingtonga kelishi rejalashtirilgan. Kutilishicha, Oq uy rahbari Donald Tramp bilan uchrashuvda u AQSh boshchiligidagi IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolaydi. Xavfsizlik Kengashi sanksiyalarni bekor qilmagan taqdirda ham bu tashrif amalga oshar edi: avvalroq XKning sanksiyalar qo‘mitasi unga sayohat ruxsatnomalarini bergan.

6 noyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a va mamlakat ichki ishlar vaziri Anas Hattobga nisbatan IShID va “Al-Qoida” bilan bog‘liq xalqaro sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish haqida qaror qabul qildi. AQSh taklif etgan rezolyutsiyani Rossiyani ham qo‘shgan holda 15 a’zo davlatdan 14tasi qo‘llab-quvvatladi, Xitoy betaraf qoldi.

Dpa agentligi yozishicha, Britaniya, Rossiya, Fransiya va Pokiston vakillari bu qarorni Suriya iqtisodiy tiklanishiga olib boruvchi muhim qadam deb atadi. Suriyaning yangi hokimiyati esa sanksiyalarning bekor qilinishida mamlakatga nisbatan “ishonch ortishi” va xalqaro hamjamiyatga qayta integratsiyalanish imkoniyatini ko‘rdi.

AQSh bir necha oydan buyon XK a’zolarini Suriyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatishga chaqirib kelayotgan edi. May oyida Tramp Vashingtonning Damashqqa nisbatan yangi siyosatini e’lon qilib, AQSh joriy etgan iqtisodiy cheklovlarini bekor qilishini aytgan.

XK qaroridan keyin London ham Suriya prezidenti va ichki ishlar vazirini o‘zining IShID va “Al-Qoida”ga qarshi moliyaviy cheklovlar ro‘yxatidan chiqardi. Oktyabrda qirollik Suriyada 2024 yil dekabrida hokimiyatga kelgan guruhni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqargan edi.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi ham ash-Shar’aga nisbatan cheklovlarni bekor qilishga tayyorlanmoqda. YeK vakili: “Biz suriyaliklar tomonidan boshqariladigan tinch va inklyuziv o‘tish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga sodiqmiz”, — deb bayonot berdi.

Ash-Shar’a 2024 yil oxirida Bashar Asadni ag‘dargunga qadar Abu Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan. U 2003 yilda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlariga qarshi kurashishni boshlagan. 2006 yilda amerikalik harbiylar tomonidan qo‘lga olinib, Iroq qamoqxonalarida besh yil saqlangan.

Mavzuga oid