Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Lukoyl» Moldovada 21 noyabrdan faoliyatini to‘xtatadi
Moldova rasmiylari mamlakatdagi «Lukoyl»ning ayrim aktivlarini sotib olish niyatida. AQSh sanksiyalari tufayli Rossiya neft kompaniyasining Moldovadagii faoliyati 21 noyabrdan to‘xtaydi.
Rossiyaning neft giganti «Lukoyl»ning Moldovadagi bo‘linmalari 21 noyabrdan, AQSh sanksiyalari kuchga kirgan paytdan boshlab, ishini to‘xtatishi kerak. Bu haqda 7 noyabr kuni mamlakat energetika vaziri Dorin Jungiyetu ma’lum qildi. «Lukoyl» kompaniyasi faoliyat yurita olmaydi», — deb yozdi Jungiyetu Facebook’da.
Vazirning aytishicha, bu «Lukoyl» hisoblari va aktivlari bloklanishi, shuningdek, AQSh Moliya vazirligi kompaniyaning xorijdagi aktivlarini Shveytsariyaning Gunvor’iga sotishga ruxsat bermagani bilan bog‘liq.
Jungiyetu ta’kidlashicha, Kishinyov aeroportida samolyotlarga yonilg‘i quyish uchun yagona ombor «Lukoyl»ga tegishli. Shu bois aeroport ishini uzluksiz ta’minlash maqsadida davlat ushbu omborni sotib olishni rejalashtirmoqda. Hukumat huzuridagi investitsiyalar kengashi «Lukoyl»ga xarid taklifini qabul qilish uchun 17 noyabrgacha muhlat belgiladi.
Moldova energetika vaziri, shuningdek, Kishinyov Rossiya neft kompaniyasiga qarshi AQSh sanksiyalariga qo‘shilayotganini, biroq «muammo hal etilguncha, Moldova Respublikasiga neft mahsulotlari yetkazib berish izdan chiqmasligi va odamlar kundalik hayotiga ta’sir qilmasligi uchun» kompaniyaga faoliyatni vaqtincha davom ettirishga ruxsat so‘ralganini qayd etdi.
Bundan tashqari, Dorin Jungiyetu ma’lum qilishicha, milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan Moldova hukumati «Lukoyl»ning aktivlarini shaxsiy kompaniyaga sotish to‘g‘risidagi taklifni qabul qilmadi. Kompaniya faoliyati to‘xtatilgandan keyin yonilg‘i yetkazib berishni ta’minlash uchun Moldova Ruminiya va Bolgariya bilan muzokaralar olib bormoqda.
AQSh Moliya vazirligi huzuridagi Tashqi aktivlar nazorati boshqarmasi (OFAC) 22 oktyabr kuni Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha «Rossiyaning jiddiy qiziqishi yo‘qligi»ga oid bayonot ortidan qo‘shimcha sanksiyalar joriy etdi. Yangilangan cheklovlar faqat «Lukoyl» va «Rosneft»ga emas, balki ularning 34 ta shu’ba kompaniyasiga ham taalluqli. Shuningdek, «Lukoyl» va «Rosneft» ulushi 50 foizga teng yoki undan yuqori bo‘lgan barcha korxonalar aktivlari ham bloklanadi.
Bungacha, bir hafta oldin, Buyuk Britaniya ham «Lukoyl» va «Rosneft»ga nisbatan sanksiyalar joriy etgan edi. Ushbu choralar aktivlarni muzlatish hamda trast xizmatlari va transport operatsiyalariga cheklov qo‘yishni nazarda tutadi. London izohlashicha, «Rosneft» va «Lukoyl» Rossiya hukumatining «strategik ahamiyatga ega» sohasida — energetikada faoliyat yuritadi.
Mavzuga oid
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
13:41 / 18.03.2026
Moldovada Ukraina chegarasi yaqinida qulagan dron topildi
13:33 / 12.03.2026
Moldova hukumati mamlakatning MDHdan chiqishini ma’qulladi
15:16 / 21.02.2026