Jahon | 20:43 / 08.11.2025
8029
6 daqiqa o‘qiladi

Mamdanining g‘alabasi – Trampga jiddiy signal

AQShdagi munitsipal saylovlar ayniqsa Nyu Yorkda tarixiy natija bilan tugadi. Amerikaning eng katta shahri aholisi musulmon va so‘l demokrat Mamdaniga ovoz berdi – bu esa ayni shu shaharda tug‘ilib o‘sgan prezident Tramp uchun ikki barobar og‘riqli natija. Respublikachilar o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqmasa, kelasi yilgi saylovda Senatdagi ustunligini yo‘qotadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh – dunyodagi eng katta iqtisodiyot va harbiy qudrat, uning tashqi siyosati dunyodagi tinchlik yeki beqarorlikka jiddiy ta’sir qiladi. AQShning ichki munitsipal saylovlari esa, bu davlatdagi oliy hokimiyatning taqdiri borasidagi eng muhim signallarni bildiradi.

2026 yil noyabrida AQSh Senati uchun oraliq saylovlar bo‘lishi kerak. AQSh Senati jami 100 senatordan iborat, va har ikki yilda Senatning uchdan biri yangilanib turadi. O‘tgan 2024 yilda Donald Tramp hokimiyatga qaytgandan buyon, bir yil o‘tib, mana munitsipal saylovlar orqali amerikaliklarning ushbu ma’muriyatga munosabatini bilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Xo‘sh, amerikaliklar bu saylovda Trampga va uning partiyasiga qanday munosabat bildirishdi?

Bir so‘z bilan aytganda, bu saylovlar Tramp va uning respublikachilar partiyasi uchun jiddiy yutqazish bo‘ldi. Saylov natijalarini mahalliy OAV “moviy to‘lqin” deya ta’rifladi. Gubernatorlik saylovi o‘tkazilgan ikkita shtatdan biri Virjiniyada hokimiyat respublikachilardan demokratlarga o‘tdi, Nyu Jyersida esa demokratlar nomzodi katta farq bilan g‘alaba qozondi.

Eng katta sensatsiya – bu Nyu Yorkda bo‘ldi. Nyu York dunyodagi eng boy va qudratli davlatning eng katta va boy shahri. Nyu York tarixida birinchi marta musulmon odam mer bo‘ldi, bu Zohran Mamdani. U bor-yo‘g‘i 34 yoshda, bu bilan u keyingi 100 yil ichidagi shaharning eng yosh hokimi bo‘lmoqda. Qolaversa, Mamdani nafaqat demokratik partiya vakili, balki u o‘zini “demokrat-sotsialist” deb tanishtiradi. Uni raqiblari “kommunist” deb yomonotliq qilishga urinishdi, biroq bu ishlamadi. Nyu Yorkliklar aksariyati Mamdaniga ovoz berishdi va u shaharning sobiq hokimi Endryu Kuomo va respublikachi nomzod Kyortis Sliva ustidan ishonchli g‘alaba qozondi.

Tramp Mamdanini obro‘sizlantirish maqsadida uni “kommunist” deb ataydi, lekin Mamdanining o‘zi “men demokrat-sotsialistman” deydi. Bu ikki tushunchaning farqi nima? “Demokrat-sotsialist” – bu demokratiya tarafdori bo‘lgan, ushbu partiya a’zosi bo‘lgan, shu bilan birga, erkinlik va plyuralizmni inkor qilmasdan ijtimoiy tenglikni ta’minlashga intiladigan qarashdir. Biroq ijtimoiy tenglikni kuch bilan, repressiyalar va zo‘ravonliklar bilan, tomonlarni qattiq konfrontatsiyaga chaqirish bilan amalga oshirilsa, bunda “kommunistlarcha” yeki “bolsheviklarcha” tenglik usuli deyish mumkin bo‘ladi – AQSh sharoitida bu kursning istiqboli mavjud emas.

Qolaversa, Mamdanini yomonotliq qilish maqsadida, unga “antisemit”, “aksil-yahudiy” tamg‘asini urishga harakat qilishdi. Biroq, o‘xshamadi. Ma’lum bo‘lishicha, uning muxoliflari Mamdanining keyingi o‘n yillikdagi barcha chiqishlarini, postlarini, intervyularini o‘rganib chiqishgan, biroq antisemitizmga tortadigan dalillar topa olishmagan. Nyu Yorkda AQShdagi eng katta yahudiy jamoasi yashaydi. Amerikalik yahudiylar, hamma joydagi kabi, turlicha: o‘ng – millatchi yoki kuchli diniy qarashdagisi ham bor, so‘l – hamma xalqlar va millatlar tengligi qarashidagisi ham bor. Qizig‘i shuki, Nyu York yahudiylarining taxminan 30-40 foizga yaqini, boshqa manbaalarda 32 foizi Mamdaniga ovoz beribdi. Demokratik partiyaning yirik namoyondalaridan biri, asli millati yahudiy bo‘lgan Berni Sanders esa Mamdanini kuchli qo‘llab-quvvatlab turdi.

Mamdanining “agar Isroil bosh vaziri Netanyahu Nyu Yorkka kelsa, uni qamoqqa olishga buyruq beraman” deganini antisemitizm deb talqin qilishga urinishdi, biroq bu barcha yahudiylarga qarshi qaratilgan fikr emasdi. Mamdanining o‘zi Xalqaro jinoyat sudining genotsid ayblovi bilan hibsga olishga order berilgan shaxs haqida gapirayotganini urg‘ulagan.

Ayni paytda AQSh Haagadagi Xalqaro jinoyat sudida ishtirok etmaydi, Rim Statutini ratifikatsiya qilmagan. Shuning uchun garchi Mamdani Netanyahuni Nyu Yorkka kelganida qamoqqa olishga buyruq bersa-da, AQSh uni Haagaga ekstraditsiya qilmaydi, chunki ekstraditsiya qilish – AQSh federal hokimiyatining vakolatiga kiradi.

Mamdaning saylanishi – shaxsan Tramp uchun ikki marta sharmandalik. Nyu York – Trampning ona shahri. Ayni shu Nyu Yorkliklar Trampga emas, musulmon va so‘l demokrat Mamdaniga quloq solishdi, ovoz berishdi. Qolaversa, bu saylovlar – Tramp siyosatiga bo‘lgan amerikaliklarning ishonchsizligini ko‘rsatadi. Agar Tramp kelasi yilgi Senat saylovlarigacha o‘zgarmasa, amerikaliklar demokratlarga ovoz beradi va Senat Tramp ma’muriyati uchun muxolifatga o‘tadi. Bu Trampning prezidentligini anchagina qiyinlashtiradi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Mavzuga oid