Jahon | 09:09 / 08.11.2025
1625
2 daqiqa o‘qiladi

Rasman: Niderlandiyada liberal D66 g‘alaba qozondi

Niderlandiyada o‘tgan parlament saylovlari yakuniga ko‘ra, so‘l liberal D66 partiyasi o‘ta o‘ng Gert Vildersning Erkinlik partiyasi (PVV)dan 30 mingtaga yaqin ovozga ko‘proq to‘pladi. Har ikki siyosiy kuch parlamentda 26 tadan o‘rin oladi.

Foto: Peter Dejong/AP Photo/picture alliance

So‘l liberal D66 partiyasi Niderlandiyadagi parlament saylovlarida g‘alaba qilgani 7 noyabr kuni saylov komissiyasi e’lon qilgan rasmiy yakuniy natijalardan ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, D66 Gert Vildersning o‘ta o‘ng Erkinlik partiyasini (PVV) deyarli 30 ming ovozga ortda qoldirdi. Ilgari, 31 oktyabr — saylovlardan bir kun o‘tgach — bu farq 15 ming ovoz deb xabar qilingan edi.

Shu tariqa Rob Yyetten rahbarligidagi D66 mamlakatdagi eng kuchli siyosiy kuchga aylandi va parlamentdagi 150 o‘rindan 26 tasini qo‘lga kiritdi. 38 yoshli Rob Yyetten Niderlandiya tarixidagi eng yosh bosh vazir bo‘ldi. Biroq PVV ham xuddi 26 o‘rin oldi — 2023 yildagi saylovlarga nisbatan 11 mandatni yo‘qotgan holda.

Niderlandiyada hukumat tuzish bo‘yicha muzokaralarni, odatda, saylovda birinchi bo‘lgan partiya yetakchisi boshlaydi. Shu bilan birga yirik partiyalarning ko‘pchiligi Gert Vilders bilan koalitsiya tuzish ehtimolini istisno qildi.

Kutilganidek, D66 uchun hukumat koalitsiyasini shakllantirish oson kechmaydi. Parlamentdagi ko‘pchilik uchun kamida 150 o‘rindan 76 tasi kerak. D66 uchun ehtimoliy hamkorlar orasida o‘ng liberal “Erkinlik va demokratiya uchun xalq partiyasi” (VVD, 22 mandat) va xristian-demokratlar (19 mandat) bor. Ammo bu holatda ham yana kamida bir siyosiy kuchning qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi.

Dpa agentligi ma’lumotiga ko‘ra, parlamentda koalitsiya tuzish bo‘yicha muzokaralar allaqachon o‘ng liberal VVD va Mehnat partiyasi hamda “Yashillar-So‘llar” (GroenLinks-PvdA)dan iborat so‘l ittifoq bilan boshlangan, ammo hozircha VVD “qizil-yashil ittifoq” bilan hamkorlikdan voz kechmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid