Jahon | 09:43 / 08.11.2025
2517
4 daqiqa o‘qiladi

Siyyarto: AQSh Vengriyaga Rossiya nefti bo‘yicha istisno berdi

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoning aytishicha, Vashington “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi sanksiyalar masalasida Budapesht uchun istisno berdi.

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp Vengriyaga Rossiya neftini xarid qilishga qo‘yilgan AQSh sanksiyalaridan istisno berganini 7 noyabr kuni kechqurun Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto ma’lum qildi.

“Qo‘shma Shtatlar Vengriyaga neft va gaz bo‘yicha sanksiyalardan to‘liq va muddatsiz istisno berdi. Bu qaror uchun minnatdormiz — u mamlakatimiz energetik xavfsizligini kafolatlaydi”, — deb yozdi Siyyarto X mikroblogida Tramp va Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning Oq uydagi uchrashuvi yakunlangach.

Shu bilan birga, Oq uyning ismi oshkor etilmagan vakili AFP agentligiga istisno faqat bir yil davomida amal qilishini ma’lum qildi.

Bundan avval Tramp Vengriyani Rossiya neftini sotib olish bo‘yicha sanksiya shartlaridan ozod etishga tayyor ekanini aytgan edi. “Bu masalani ko‘rib chiqyapmiz, chunki Vengriyaga boshqa hududlardan neft va gaz olish juda qiyin”, — dedi u 7 noyabr kuni jurnalistlarga Orban bilan uchrashuv payti. “Bilasiz, ularning dengizga chiqish yo‘li yo‘q”, — deya o‘z fikrini izohladi u.

Shu bilan barobar, Oq uy rahbari dengizga chiqish yo‘li bor YeI mamlakatlarini Rossiyadan hanuz energiya manbalari sotib olayotganlikda aybladi. “Bu meni jiddiy xavotirga soladi: biz ularga yordam beramiz, ular esa borib Rossiyadan neft va gaz xarid qiladi”, — dedi u. Bryussel esa bu da’volarga qo‘shilmadi: Rossiyaning Ukrainaga hujumidan keyin YeI Rossiya neftini import qilishni taqiqladi. YeK ma’lumoticha, YeIga Rossiya nefti importi ulushi 2021 yilning 1-choragidagi 29 foizdan 2025 yil 2-choragida 2 foizgacha tushgan.

Viktor Orban Vashingtonda Rossiya energiya resurslari mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. U AQSh prezidentiga “Rossiyadan neft va gaz kelmay qolsa, venger xalqi va iqtisodiyoti uchun oqibatlar qanday bo‘lishini” tushuntirishga tayyorligini bildirdi. “Chunki u bizga quvurlar orqali yetkazib beriladi. Quvur — ideologik yoki siyosiy masala emas. Bu fizik reallik, chunki bizda port yo‘q”, — dedi Orban.

Uchrashuvda Tramp Orbanni “katta rahbar” deb maqtab, boshqa yevropaliklarni “Vengriyani ko‘proq hurmat qilish”ga chaqirdi va Orbanning migratsiya masalasida “to‘g‘ri” bo‘lganini ta’kidladi. Orban esa mamlakatda “nol migratsiya” qoidasi borligini qayd etdi.

22 oktyabr kuni AQSh “Rosneft” va “Lukoyl”ga sanksiyalar joriy etgan, bunga “Rossiyaning Ukrainada tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqish ko‘rsatmayotgani” sabab qilib keltirilgan edi. Bir necha kun o‘tgach, Tramp Viktor Orbanning shaxsiy iltimosiga qaramay, Budapesht uchun istisno qilishdan bosh tortgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid