Sog‘lom hayot | 18:40 / 09.11.2025
3832
4 daqiqa o‘qiladi

2026 yildan xususiy shifoxonalarda ham bepul davolanish mumkin bo‘ladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Foto: Kun.uz 

Nizomga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarida yo‘llanma asosida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam tuman (shahar) va hududiy darajalarda aholining barcha toifalariga, respublika darajasida esa imtiyozli bemorlarga ko‘rsatiladi.

Yo‘llanma qiymati tibbiy xizmatlarning yo‘llanmada qayd etilgan va ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatning bazaviy narxiga teng bo‘ladi. Bemor tibbiy yordam olish uchun tegishli yo‘llanmasiz tibbiyot tashkilotiga bevosita murojaat etsa, tibbiy yordam pulli asosda ko‘rsatiladi.

Davlat hisobidan tibbiy yordam olish uchun bemorlar o‘zi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga — oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, idoraviy tibbiyot muassasasiga murojaat qiladi. Biriktirilgan oilaviy shifokor tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda tor soha mutaxassisi ko‘rigiga yo‘naltiriladi.

Tor soha mutaxassisi tomonidan bemorlar bir ish kunida amaldagi klinik protokollar hamda tashxislash va davolash standartlariga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bemorlarga rejali statsionar sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatilishiga ko‘rsatma bo‘lmasa, ularga ambulator sharoitda davolanishi uchun tavsiya beriladi va biriktirilgan oilaviy shifokorga (shifokorga) qayta yo‘naltiriladi.

Statsionar sharoitda tibbiy yordam olishga ko‘rsatma bo‘lganda, tor soha mutaxassisi yoki oilaviy shifokor (idoraviy tibbiyot muassasasi shifokori) tomonidan tuman (shahar) darajasidagi tibbiyot muassasasida rejali statsionar tibbiy yordam olish uchun elektron axborot tizimi orqali yo‘llanma beriladi.

Bunda bemorlar:

davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy qilingan hududlarda ularning xohishiga ko‘ra hududiy joylashuvidan qat’i nazar, tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etilgan barcha tibbiyot muassasalariga (Toshkent shahrida shahar darajasidagi tibbiyot muassasalariga);

davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy qilinmagan hududlarda doimiy yoki vaqtincha yashash (turar) joyi bo‘yicha tuman (shahar) darajasidagi statsionar xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasasiga yo‘naltiriladi;

idoraviy tibbiyot muassasalari kontingenti o‘zlari biriktirilgan tibbiyot muassasasiga yo‘naltiriladi. Bunda idoraviy tibbiyot muassasalari tomonidan zarur tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish imkoni bo‘lmagan taqdirda, idoraviy tibbiyot muassasalariga biriktirilgan kontingent o‘z xohishiga ko‘ra hudud yoki respublika darajasidagi tibbiyot muassasalariga, shuningdek, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga yo‘naltirilishi mumkin.

Bemorning holati, tashxisi va tasdiqlangan kasalliklar ro‘yxatiga muvofiq ularga tibbiy yordam hudud yoki respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlarida ko‘rsatilishi lozim bo‘lganda tor soha mutaxassisi bir ish kunida elektron axborot tizimi orqali hududiy darajada yo‘nalish bo‘yicha tashkil qilingan tibbiy-tanlov komissiyalarga yo‘llanmani tasdiqlash uchun so‘rovnoma yuboradi.

Bunda bemorda imtiyoz toifasining mavjudligi aniqlanadi. Imtiyoz toifasi mavjud bo‘lmagan bemorlarga hudud yoki respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlarida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolanish uchun yo‘llanma berilmaydi.

Bemorlarga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan rejali statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatish lozim bo‘lgan tibbiyot tashkiloti darajasi tasdiqlanadi hamda ma’lumot elektron axborot tizimi orqali bemorning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga hamda u biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi yoki idoraviy tibbiyot muassasasiga yuboriladi.

Bemor (uning qonuniy vakili) 30 kun davomida tegishli birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari (tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika bo‘limi) yoki YIDXPdagi shaxsiy kabineti orqali Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan tibbiyot tashkilotlari ro‘yxatidan tashxisiga mos ravishda davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotini tanlaydi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid