Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh senatorlari shatdaunni yakunlash maqsadida murosaga erishdi
Senator-respublikachilar va demokratlar o‘rtasidagi bitim tibbiy sug‘urta sohasidagi imtiyozlar bo‘yicha kelgusida o‘tkaziladigan ovoz berish haqidagi kelishuvga asoslangan. Shuningdek, qisqartirilgan federal xizmatchilarni ishga tiklash masalasi ham nazarda tutilgan.
AQShda senatorlar 40 kundan beri davom etayotgan shatdaunni yakunlashga va federal xizmatchilarga to‘lovlarni qayta tiklashga yordam berishi mumkin bo‘lgan ikki partiyaviy kelishuvga erishdi. Bu haqda demokrat senator Tim Keyn 9 noyabr kuni o‘z saytida bayonot berdi.
Hujjatdan va Amerika OAV xabarlaridan ko‘rinib turibdiki, bitim asosida tibbiy sug‘urta badallari bo‘yicha soliq imtiyozlarini uzaytirish masalasida kelgusida ovoz berish haqidagi kelishuv turibdi. Bundan tashqari, kelishuvga ko‘ra, shatdaun davrida bo‘shatilgan federal xizmatchilar ishga tiklanadi va to‘lanmagan oyliklar bo‘yicha qarzdorlik qoplanadi.
Hozirda Senatda respublikachilar ko‘pchilik ovozga ega: 100 o‘rindan 53 tasi. Qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash uchun kamida 60 ta ovoz kerak edi, biroq demokratlar buni qo‘llashga tayyor ekanini bildirgan.
Bitim Senat tomonidan ma’qullangandan so‘ng, hujjatni Vakillar palatasi ham qo‘llab-quvvatlashi kerak. Shundan keyin u AQSh prezidenti Donald Tramp imzosi uchun yuboriladi. Umuman olganda, bu jarayon bir necha kunni talab qilishi mumkin.
Senatdagi murosaga AQSh transport vaziri Shon Daffi mamlakatdagi aviaqatnovlar yaqin orada “minimal darajagacha qisqarishi mumkin” deb ogohlantirganidan ko‘p o‘tmay erishildi. 8–9 noyabr kunlari dam olish paytida AQShda minglab reyslar bekor qilingan yoki kechiktirilgan edi.
9 noyabr holatiga ko‘ra, AQShdagi shatdaun 40 kundan buyon davom etmoqda — bu mamlakat tarixidagi eng uzoq tanaffus. AQSh Kongressining Senati va Vakillar palatasi yangi moliyaviy yil uchun budjet masalasida kelisha olmayapti.
Bloklash tufayli taxminan 750 ming federal xizmatchi maoshsiz majburiy ta’tilga chiqarildi. Faqat o‘ta muhim ta’minotga daxldor tuzilmalar — aviadispetcherlik xizmati, politsiya, chegara qo‘riqlash xizmati va tez tibbiy yordam uchun istisno berilgan.