Jahon | 11:06 / 10.11.2025
1442
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda budjet bo‘yicha bahs aviaqatnovlarni to‘xtatib qo‘ydi

Iqtisodiy bloklash (shatdaun) davom etayotgani sabab AQShda minglab reyslar bekor qilindi. Senat budjet inqirozini bartaraf etish uchun navbatdagi urinishni amalga oshirdi.

Foto: Elijah Nouvelage/REUTERS

AQShda budjet bo‘yicha bahs dam olish kunlari butun mamlakat bo‘ylab aviaqatnovda jiddiy uzilishlarga sabab bo‘ldi. Dispetcherlar orasidagi kadrlar tanqisligi tufayli 8 noyabr kuni taxminan 1500 ta reys bekor qilindi, yana 6000 ta reys kechiktirildi. Fuqaro aviatsiyasi federal ma’muriyati (FAA) 42 ta dispetcherlik minoralari va parvozlarni boshqarish markazlarida kadrlar yetishmasligi borligini ma’lum qildi.

Hukumat ishining bloklanishini tugatish bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli ketayotgani haqida respublikachilar xabarlar berganiga qaramay, shanba kuni kechqurunga qadar kelishuvga erishilmadi. Senat 9 noyabr kuni navbatdan tashqari majlis o‘tkazdi. FAA esa juma kuniyoq aviakompaniyalarga mamlakatning eng yirik 40 aeroportida kunlik reyslar sonini to‘rt foizga qisqartirishni buyurgan.

Seshanbaga borib bu ko‘rsatkich olti foizga, 14 noyabrgacha esa o‘n foizgacha oshirilishi kutilmoqda. Aviakompaniya vakillari parvozlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar reyslarni rejalashtirishni deyarli imkonsiz qilib qo‘yayotganini aytdi. Jahonda eng gavjum aeroportlardan biri sanalgan Atlanta aeroportida shanba kuni o‘rtacha kechikish vaqti 282 daqiqani tashkil etdi.

Inqiroz hukumat ishi 40 kundan beri bloklangan sharoitda chuqurlashmoqda. Bu AQSh tarixidagi eng uzoq davom etgan shatdaundir. Taxminan 13 ming aviadispetcher va 50 ming aeroport xavfsizlik xodimi maoshsiz holda ishlashga majbur bo‘lmoqda, bu esa kasallik bo‘yicha ta’tilga chiqish holatlarini ko‘paytiryapti. FAA rahbari Brayan Bedford so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda dispetcherlarning 20–40 foizi ishga chiqmagan.

Juma kuni respublikachi senator Ted Kruz xavfsizlik uchun jiddiy xatarlar haqida ogohlantirdi. Uning aytishicha, shatdaun boshlanganidan beri uchuvchilar dispetcherlar haddan tashqari charchagani sabab yuz bergan xatolar haqida 500 dan ortiq raport taqdim etgan. Prezident Donald Tramp ma’muriyati Senatda demokratlarga bosimni oshirish va budjet loyihasini sharsiz ma’qullashga erishish uchun aviasohadagi muammolarga ishora qilmoqda.

O‘z navbatida, demokratlar respublikachilarni tibbiy sug‘urta dasturini moliyalashtirishni uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni to‘sib qo‘yganlikda ayblab, davom etayotgan inqiroz uchun mas’uliyatni ular zimmasiga yukladi. AQSh transport vaziri Shon Daffi kadrlar bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashsa, reyslar sonini yigirma foizga qisqartirish ehtimolini istisno etmadi.

Mavzuga oid