Jahon | 15:58 / 10.11.2025
2824
3 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya sanksiyalarga qaramay Rossiya neftini import qilmoqda

Avstraliyada sanksiyalardagi “muhim teshik” aniqlandi, u orqali Rossiya neftini Singapur orqali olib kirish mumkin. Tahlilchilarga ko‘ra, bunday harakatlar Avstraliyaning Ukrainaga ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlashini susaytirmoqda.

Ukrainada urush boshlangach, Rossiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri yonilg‘i xaridini to‘xtatgan Avstraliya 2023 yildan beri Rossiyadan kelib chiqishga ega 3 mln tonnadan ortiq neft mahsulotlarini import qilgan. Bu haqda 9 noyabr kuni The Guardian gazetasi Energetika va toza havo tadqiqotlari markazi (CREA) ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, millionlab tonna Rossiya neft mahsulotlari qisman Macquarie Avstraliya investitsiya bankiga tegishli bo‘lgan Singapurning Jurong porti orqali o‘tib, avstraliyalik kompaniyalarga yetkaziladi. Ushbu port Rossiyadan keladigan yonilg‘ining qayta ishlanishi va reeksporti amalga oshiriladigan asosiy markazlardan biriga aylangan.

CREA mutaxassisi Vaybxav Ragunandan ta’kidlashicha, Avstraliya sanksiyalari uchinchi mamlakatlar orqali neft mahsulotlarini sotib olishga yo‘l qo‘yadi — rasman taqiq buzilmaydi, amalda esa Rossiya neft sanoati va Kremlning soliq tushumlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

“Bu — avstraliyalik xaridorlar foydalanayotgan katta lazeyka. Ular qonun doirasida ish tutayotgan bo‘lsa-da, shubhasiz, etika chegarasidan chiqmoqda”, — dedi Ragunandan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlar “albatta Avstraliyaning Ukrainaga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashini zaiflashtiradi”. Ushbu lazeyka nafaqat Rossiyadan neft yetkazib berishni davom ettirishga imkon beradi, balki Avstraliya kompaniyalariga daromad olish imkoniyatini ham yaratadi, deya qo‘shimcha qildi ekspert.

Hukumat ma’lumotlariga binoan, 2023 yil yanvaridan Avstraliya neft mahsulotlarining deyarli chorak qismini Singapurdan xarid qilgan. O‘z navbatida Singapur Rossiyadan 22 mln tonnadan ortiq neft mahsulotlarini import qilganini Kpler tahlil agentligi ma’lumotlari ko‘rsatadi. Yetkazib berishning taxminan uchdan biri Jurong porti terminaliga to‘g‘ri kelgan.

Macquarie vakili terminal nazorati paketidagi ulush Singapur hukumatiga tegishli ekanini va u Singapur hamda xalqaro me’yorlarga to‘liq rioya qilishini bildirdi. Shu bilan birga, Avstraliya banki investitsiyalaridan moliyaviy foyda olgan-olmaganini oshkor etmadi.

Mavzuga oid