Jahon | 12:04 / 10.11.2025
4178
9 daqiqa o‘qiladi

Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash: 2015 yildan beri dunyo nimaga erishdi?

Parij iqlim kelishuviga 10 yil to‘ldi. Qayta tiklanuvchi energetika shiddat bilan rivojlanmoqda, yo‘llarda elektromobillar soni ortmoqda, ammo shu bilan birga SO2 tashlamalari ham o‘smoqda. Global isishni to‘xtatishning iloji bo‘lmayapti.

Foto: TASS

10 noyabr kuni jahon yetakchilari Braziliyadagi 30-global iqlim sammiti — COP30’ga yig‘ilar ekan, olimlar global isishdagi har bir ulush darajasi hamon katta ahamiyatga ega ekani haqida ogohlantirmoqda. Shu omil millionlab odamlar xavfsizlikda yashaydi yoki aziyat chekadimi — shunga bevosita bog‘liq.

O‘n yil muqaddam iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda burilish nuqtasi bo‘lgan Parij kelishuvi imzolangan edi. Ilk bor deyarli 200 davlat global isishni 2°C dan pastda cheklash, asr oxirigacha o‘sishni 1,5°C atrofida ushlab turishga intilish to‘g‘risida majburiy bitim qabul qildi. Olimlar bu oshish iqlim o‘zgarishida jiddiy va qaytmas zarar keltirishini ta’kidlab kelgan.

Biroq BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturining 2025 yilgi “Tashlamalar oraliq to‘sig‘i to‘g‘risidagi hisoboti”da bu oshish “muqarrar”, “keyingi o‘n yil ichida ro‘y beradi” va dunyo uchun “vayronkor oqibatlar”ga olib keladi, deya qayd etilgan. Ushbu hisobot har yili BMT iqlim konferensiyasi oldidan e’lon qilinadi.

Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, agar mamlakatlar o‘zi BMTga taqdim etgan iqlim maqsadlarini to‘liq amalga oshirsa, 2100 yilga borib global harorat 2,3–2,5°C ga oshadi. Bu o‘tgan yilgi hisobotda keltirilgan 2,6–2,8°C prognozidan biroz yaxshiroq, ammo hozirgi siyosat o‘zgarmay qolsa, shu diapazonda amalga oshishi mumkin. O‘n yil avvalgi bashoratlar esa asr oxirigacha harorat 3,5°C gacha o‘sishini ko‘rsatgan edi.

So‘nggi 10 yilda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda ayrim ko‘zga ko‘rinadigan siljishlar bo‘lganiga qaramay, mutaxassislar dunyoni tanlov chegarasida turibdi, deya ogohlantirish bermoqda. Mamlakatlar neft, gaz va ko‘mirdan foydalanishda davom etar ekan, harorat ko‘tarilishi odamlar o‘limiga olib keluvchi dovullar, toshqinlar va issiqlik to‘lqinlarini kuchaytirmoqda. Oxirgi o‘n yillik kuzatuvlar tarixida eng issiq davr bo‘ldi, o‘tgan yil esa ular orasida eng issig‘i sifatida qayd etildi.

Haroratning o‘sishi taxminan har daqiqada bir inson hayotini olmoqda, iskanjaga soluvchi parnik gazlar manbai bo‘lgan qazilma yonilg‘ini yoqishdan kelib chiqqan havo ifloslanishi har yili 2,5 million odamning umriga zomin bo‘lyapti, deb baholanadi. Bu ulkan iqtisodiy zarar ham yetkazmoqda: o‘tgan yil global yo‘qotishlar 304 mlrd dollarni tashkil etdi.

Shu orada hayotiy ahamiyatga ega ekotizimlar imkoniyatlari chekkasiga borib qoldi. Joriy yilda dunyo o‘zining ilk iqlimiy “qaytish nuqtasi”dan o‘tdi — dengizlar isishi marjonlar ommaviy yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Marjon riflari dunyodagi eng bioxilma-xil ekotizimlardan biri bo‘lib, dengiz hayotining to‘rtdan bir qismini qo‘llab-quvvatlaydi. Olimlar Amazonka tropik o‘rmonlarining yo‘qolishi va muhim okean oqimlarining to‘xtashi kabi boshqa xavfli burilish nuqtalariga ham xavfli darajada yaqinlashib qolingani to‘g‘risida ogohlantirmoqda.

Bu tang holat qazilma yonilg‘ini yoqish davom etayotgani bilan bog‘liq. 2024 yilda parnik gazlar chiqindilari rekord darajaga yetdi va hozir 1990 yilgi darajadan 65 foizga yuqori.

Parij kelishuvi maqsadlariga erishish uchun tashlamalar bugunga kelib tez sur’atda kamayishni boshlashi kerak edi. Ammo so‘nggi tahlillar bunday sekinlashish alomatlari yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yili mutlaq tashlamalar keskin ortdi: inson faoliyati — avvalo ko‘mir, neft va gaz yoqilishi natijasida atmosferaga 53,2 gigatonna SO2-ekvivalent chiqarilib, rekord ko‘rsatkich qayd etildi. Bu tashlamaning mutlaq ko‘p qismi turmush va iqtisodiyotni ta’minlovchi energetika sektori hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ularning uchdan ikki qismi bor-yo‘g‘i sakkizta iqtisodiyot zimmasiga tushdi: Xitoy, AQSh, YeI, Hindiston, Rossiya, Indoneziya, Braziliya va Yaponiya. Ushbu yirik ifloslantiruvchilardan faqat YeI va Yaponiya 2023 yilga nisbatan yillik tashlamalarini qisqartirdi.

Parij kelishuvi bo‘yicha umumiy majburiyatlardan ortda qolishga qaramay, hayratlanarli yutuqlar ham bor. Qayta tiklanuvchi energetikaning global o‘sishi keskin tezlashdi, hatto eng optimistlarning ham taxminidan oshib ketdi. Qiymatlarning tez pasayishi bu bumni rag‘batlantirmoqda: “yashil” energiyaga sarmoyalar o‘sib, hozir qazilma yonilg‘idan ikki baravarga yaqin ko‘payyapti.

Parij kelishuvi imzolanganidan buyon qayta tiklanuvchi manbalardan ishlab chiqariladigan global energiya ulushi uch barobardan ko‘proq ortdi. 2024 yilda dunyo bo‘yicha qayta tiklanuvchi manbalardan energiya ishlab chiqarish rekord o‘sishga erishdi, ular hozir jahon elektr energiyasining 40 foizini ta’minlamoqda. Joriy yilning birinchi yarmida quyosh va shamol energetikasi elektr energiyasiga bo‘lgan o‘sish talabini to‘liq qoplab, birinchi bor ko‘mirdan ustun keldi.

Britaniyaning Energy and Climate Intelligence Unit notijorat tashkiloti tahliliga ko‘ra, global quyosh quvvatlari hozir 2015 yil prognozlaridan to‘rt barobar ko‘p bo‘lib, har uch yilda ikki baravarga o‘smoqda, shamol energetikasi esa uch baravarga ortgan.

Xitoy bu sohada peshqadam: o‘tgan yili u dunyodagi barcha davlatlarning jamidan ko‘proq quyosh stansiyalarini o‘rnatdi — ularning quvvati 2010 yilga nisbatan ming barobarga ko‘paygan.

O‘tgan o‘n yillikda elektromobillarning umumiy avtomobil savdosidagi ulushi 1 foizdan deyarli to‘rtdan bir qismgacha o‘sdi. Dunyo Parij maqsadlaridan biri — 2030 yilga qadar yo‘llarda 100 million elektromobil bo‘lishi ko‘rsatkichiga rejadan oldin yetishi mumkin.

Biroq bu taraqqiyotning muhim cheklanishlari bor. Qayta tiklanuvchi manbalar rekord yangilayotgani kabi, “eng iflos” qazilma yonilg‘i — ko‘mir ham o‘tgan yili rekord iste’mol ko‘rsatkichiga yetdi. “Yashil” energetikaga investitsiyalar o‘sayotgan bo‘lsa-da, qazilma yonilg‘ini davlat tomonidan moliyalash ham — yiliga 1,6 trln dollar (1,37 trln yevro)ga ko‘paygan.

Mutaxassislar aytishicha, hozirgi chora-tadbirlar natijalari rejadagidan hali juda uzoq. Asr oxirigacha global harorat 2,6°C gacha o‘sadigan ssenariyning o‘zi ham bugungi darajaga nisbatan bir yilda yana 57 ta o‘ta issiq, hayot uchun xavfli kunlar qo‘shilishini anglatadi.

Braziliyaning Belen shahridagi konferensiya oldidan mamlakatlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda ko‘proq sa’y-harakat qilishi to‘g‘risida va’da bermoqda. Hozirgacha qabul qilingan majburiyatlar 2035 yilga borib tashlamalarni bor-yo‘g‘i 10 foizga qisqartirishni ko‘zda tutadi.

“Iqlim bo‘yicha amaliy harakatlar holati”ning 2025 yilgi hisobotiga ko‘ra, dunyo o‘z majburiyatlarini keskin kuchaytirishi va barcha sektorlarda tashlamalarni qisqartirish sur’atini tezlashtirishi zarur. Bu shu o‘n yillikda ko‘mir iste’molini 10 barobarga kamaytirish, o‘rmonlarni ko‘paytirish (qirilishini to‘xtatish) bo‘yicha sa’y-harakatlarni 9 barobar oshirish, qayta tiklanuvchi energetika o‘sish sur’atini ikki baravarga chiqarish, global iqlim moliyalashini yiliga deyarli 1 trln dollargacha yetkazish va dunyodagi eng iflos shaharlarda jamoat transporti infratuzilmasini tez sur’atda kengaytirishni o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid