Sport | 12:20 / 10.11.2025
16540
19 daqiqa o‘qiladi

«Real» ochko yo‘qotdi, «Barsa» yaqinlashib oldi. Kun o‘yinlari

«Liverpul» «Siti»ga yirik hisobda yutqazib, amalda chempionlik poygasidan chiqdi. APLda kurash asosan «Arsenal» va «Siti» o‘rtasida kechadigan bo‘ldi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Europa Press via Getty Images

Angliya: «Siti» «Liverpul»ni yakson qildi

«Manchester Siti» – «Liverpul» 3:0
Gollar:
Holand, 29 (1:0). Gonsales, 45 (2:0). Doku, 63 (3:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Holand, 13’
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales, Foden, Bernardu Silva, Doku (Marmush, 74), Sherki (Savio, 53), Holand
«Liverpul»: Mamardashvili, van Deyk, Konate, Roberson (Kerkez, 56), Bredli (Gomes, 83), Makallister (Jons, 74), Gravenberh, Soboslai, Virs (Kiyeza, 83), Saloh, Ekitike (Gakpo, 56)
Ogohlantirishlar: Gonsales, 27. Bernardu Silva, 41 – Makallister, 36. Bredli, 52. Jons, 89. Soboslai, 90

«Siti» va «Liverpul» – so‘nggi o‘n yillikda APLning yangi klassikasiga aylangan. So‘nggi sakkiz mavsumdagi chempionlik titullari faqat shu ikki jamoa o‘rtasida taqsimlangan. Lekin bu mavsumda ular bir-birini emas, «Arsenal»ni quvmoqda. Shanba oqshomida londonliklar durang o‘ynab qo‘ygani «Etihad»dagi uchrashuvga qiziqishni yanada oshirdi.

«Liverpul» hafta o‘rtasida «Real»ga qarshi o‘ynagan va nomdor raqibga hech qanday imkon qoldirmagan tarkibni tushirdi. «Siti»da esa Chempionlar ligasidagi boshlang‘ich tarkib bilan solishtirganda uchta o‘zgarish bo‘ldi – Stounz, Savio hamda Reynders o‘rnini Diash, Silva va Sherki egalladi.

«Siti» o‘yinni mezbonlarga xos tarzda boshladi. Oldingi chiziqda odatdagi kabi Holand faollik ko‘rsatdi, Doku, Silva, Foden va Sherki esa unga vaziyatlar yaratib berishga harakat qilishdi. Shunday vaziyatlardan birini Doku yuzaga keltirdi, u himoyachilar xatosidan foydalanib, jarima maydoniga kirib bordi va penalti ishladi. Kavana videotakrordan keyin 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, ammo bu qaror bahsli edi. Bu vaziyatda belgiyalik vinger darvozabonga urilib yiqilganidan keyin ham to‘p mezbonlarda qoldi, hakam o‘yinni davom ettirishga qo‘yib berdi, Bernarduning ketma-ket zarbalari himoyachilar to‘sig‘idan o‘tmadi. Shundan keyin esa VAR xonasidagilar Kavanani monitor qarshisiga chaqirishdi va penalti belgilandi.

Nuqtaga yaqinlashgan Holand esa 11 metrdan zarba berishda adashdi. Lekin u keyinroq nisbatan murakkab vaziyatdan gol urdi. Ikkala holatda ham barcha savollarni Konatega qaratish mumkin. Birinchi holatda folni rasman darvozabon Mamardashvili ishlatgandi, ammo undan oldin aynan Konate to‘pni raqibga berib qo‘ygandi. Ikkinchi holatda esa fransiyalik himoyachi havoda to‘p uchun kurashni Holandga boy berdi.

Bo‘limning qolgan qismida yana bir bahsli epizod kuzatildi. «Liverpul» burchak zarbasi ijro etdi, van Deyk bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Ammo hakamlar bu golni bekor qilishdi. Bunga ofsayd holatida turgan Endryu Roberson to‘p yo‘lida turgani sabab qilib ko‘rsatildi, u to‘pga teginmadi, ammo Donnarummaga xalaqit bergan deb topildi.

Holbuki himoyachi bu vaqtda to‘p yo‘lidan qochishga uringandi, shu bilan birga, darvozabonning yo‘lini to‘smagandi.

Ko‘p o‘tmay «Liverpul» ikkinchi golni o‘tkazib yubordi. Tayanch yarimhimoyachisi Niko Gonsales Rodri uslubida gol urib, hisobni mustahkamladi. Shundan keyin mezbonlar hisobga qarab o‘ynashi mumkin edi.

Ikkinchi bo‘limni «Liverpul» keskin harakatlar bilan boshladi. Qaysidir daqiqalarda mezbonlarni jarima maydoniga qamab ham qo‘ydi, Holand ham himoyada ishlashiga to‘g‘ri keldi, ammo gol urilmadi. Shu kuni o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Doku esa qarshi hujumda uchinchi golni urib, o‘yinga amalda nuqta qo‘ydi. Uni shu kuni ikki kishi bo‘lib ham to‘xtata olishmadi, u 11 marta duelda ustun keldi, yetti marta raqiblarni aldab o‘tdi, uch marta yaqqol vaziyat yaratib berdi va uch marta darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarba yo‘lladi, bu zarbalardan biri golga aylandi. Bu gol urilgan vaziyatda ham Konate raqibni yopa olmadi.

Umuman olganda, «Liverpul» ikkinchi bo‘limda yomon ko‘rinmadi va vaziyatlarga ega bo‘ldi (Saloh yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi va to‘rt marta ofsaydga tushib qoldi), ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan Gakpo ham o‘yinga faol qo‘shildi va xavfli zarbalar yo‘lladi, ammo uch gol farqini yo‘qqa chiqarish amalda imkonsiz edi. Gvardiola bu mavsumda o‘z an’analaridan voz kechgan holda to‘pni raqibga topshirib, hisobga qarab o‘ynashni odat qilmoqda va bu qaror yana o‘zini oqladi. Yakunda «Siti» ishonchli g‘alabani saqlab qoldi va «Arsenal» bilan oradagi farqni to‘rt ochkogacha qisqartirdi. Arne Slot jamoasi esa bu mag‘lubiyatdan keyin chempionlik poygasiga qo‘shilishi amalda imkonsiz ishga aylandi – APLda mavsum boshidan buyon 11 o‘yindan 5 tasida yutqazgan mersisaydliklar turnir jadvalining 8-o‘rnida va peshqadamdan 8 ochkoga ortda qolmoqda.

«Aston Villa» – «Bornmut» 4:0
Gollar:
Buendiya, 28 (1:0). Onana, 40 (2:0). Barkli, 77 (3:0). Malen, 82 (4:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Semenyo, 67’
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres, Din, Kesh, Onana (Barkli, 71), Kamara (Bogard, 81), Rodjyers (Gessan, 86), Buendiya (Tilemans, 71), Makginn (Sancho, 71), Uotkins (Malen, 81)
«Bornmut»: Petrovich, Senesi, Milosavlevich, Tryuffer (Kristi, 63), Smit (Ximenes, 10, Kuk, 46), Skott (Adli, 63), Adams, Klyuyvert (Krupi, 63), Taverne, Semenyo, Evanilson (Bruks, 77)
Ogohlantirishlar: Rodjyers, 13. Kamara, 23 – Ximenes, 27. Tryuffer, 38

APLda yakshanba kuni barchaning e’tibori «Manchester Siti» va «Liverpul» to‘qnashuviga qaratilgani tayin, ammo shu kuni tur doirasida yana bir keskin qarama-qarshilik bo‘lib o‘tdi. Mavsum startidagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin o‘ziga kelib olgan «Aston Villa» o‘z maydonida bu mavsumni ko‘tarinki kayfiyatda boshlagan «Bornmut»ni qabul qildi. Ammo Iraola shogirdlari «Villa Park»da kutilgan qarshilikni ko‘rsata olmadi va hisob birinchi bo‘limning o‘zida yirik ko‘rinish olishi mumkin edi. Mezbonlarning ketma-ket hujumlarida faqat Buendiya va Onana bittadan gol urishdi mehmonlarda o‘yinga qaytish uchun imkoniyat saqlanib qoldi.

Ikkinchi bo‘limda qaytish amalga oshirilishi mumkin edi, ammo Emiliano Martines «Bornmut» to‘purari Semenyoning 11 metrdan bergan zarbasini bartaraf etdi va jamoadoshlarini yanada ruhlantirib yubordi. Barkli darvozaga orqa qilib turgan holda bosh bilan uchinchi golni urdi, o‘yin oxirida Malen Tilemansning uzoq masofadan yo‘llagan zarbasiga tovoni bilan teginish orqali darvozabonni dog‘da qoldirdi. Unai Emeri shogirdlari endi ochkolari sonini 18 taga yetkazib, oltinchi o‘ringa chiqib oldi, shu bilan birga, to‘rtinchi o‘rindagi «Sanderlend»ni bir, uchinchi o‘rindagi «Chelsi»ni ikki ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda. Qatorasiga ikkinchi o‘yinda yutqazgan «Bornmut»da ham shuncha ochko bor, ammo qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayli jamoa to‘qqizinchi o‘rinda joylashgan.

Ispaniya: «Barselona» «Real»ga yetib olmoqda

«Rayo Valekano» – «Real» 0:0
«Rayo Valekano»: Batalya, Lejyen, Mendi, Chavarriya, Ratsyu, Palazon (Valentin, 71), Lopes (Xerard Gumbau, 83), De Frutos (Fran Peres, 71), Siss, Alvaro Garsiya (Alemao, 83), P. Dias (Espino, 27)
«Real»: Kurtua, Raul Asensio, Hausen (Eder Militau, 46), Karreras, Valverde (Aleksandr-Arnold, 83), Kamavinga (Rodrigu, 79), Arda Guler, Bellinghem, Vinisius Junior, B. Dias (Sebalyos, 71), Mbappe
Ogohlantirishlar: Ratsyu, 15. Alvaro Garsiya, 33. De Frutos, 45 – Hausen, 36. B. Dias, 44

«Real» bu mavsumda hali durang o‘ynamagandi, ammo yakshanba kuni «Rayo Valekano» maydonida golsiz durangga imzo chekdi. Bir qarashda bu anomaliya bo‘lib ko‘rinadi. Mbappe o‘yinning birinchi bo‘limida biror marta zarba bermadi, bunaqasi joriy mavsum boshidan buyon 17 o‘yinda kuzatilmagandi. Ammo «asalarilar» so‘nggi vaqtlarda «Qirollik klubi» uchun eng noqulay raqiblardan biriga aylanib qolgan, ushbu jamoani o‘z uyida qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda yutqazmadi (+1=3). Bundan tashqari, ular joriy mavsumda o‘z uyida «Real»ga ham, «Barselona»ga ham yutqazmagan yagona jamoadir. O‘tgan mavsumda bu ishni faqat «Osasuna» hamda «Betis» uddalagandi.

«Real» haftani yomon o‘tkazdi. Madridliklar avvaliga YeChLda «Liverpul»ga yutqazgandi (0:1), endi Ispaniya chempionatida ochko yo‘qotdi, natijada «Barselona»ni o‘ziga yaqinlashtirib oldi.

«Selta» – «Barselona» 2:4
Gollar:
Levandovski, 10 – penalti (0:1). Karreyra, 11 (1:1). Levandovski, 37 (1:2). Iglesias, 43 (2:2). Yamal, 45+4 (2:3). Levandovski, 74 (2:4)
«Selta»: Radu, Starfelt, Alonso, Fernandes (Roman, 78), Moriba, Sotelo (El-Abdellaui, 78), Karreyra, Mingesa (Rodriges, 46), Duran, Xutgla (Saragosa, 58), Iglesias (Aspas, 70)
«Barselona»: Shchensni, Arauxo, Kubarsi, Balde (Kristensen, 86), Garsiya, Olmo (Martin, 86), Fermin Lopes, de Yong, Reshford (Torres, 88), Yamal (Bernal, 90+7), Levandovski
Ogohlantirishlar: Roman, 90 – Kubarsi, 42. de Yong, 79. Reshford, 87. Levandovski, 89
Chetlatish: de Yong, 90 (ikkinchi sariq)

Biroz keyin bo‘lib o‘tgan Vigodagi o‘yin esa gollarga boy bo‘ldi. «Barselona» hafta o‘rtasida YeChL doirasida «Bryugge»ga qarshi kechgan o‘yinda uchta gol o‘tkazib yuborgandi (3:3), bu safar ham himoya chizig‘i pand berdi. Shu bilan birga, bu o‘yin arafasida kataloniyaliklar hujum chizig‘i yanada kuchaygan, jarohatidan tuzalib qaytgan Levandovski startdan o‘rin olgandi. Ushbu polshalik o‘yin startidayoq penaltidan hisobni ochdi, ammo bir daqiqa o‘tib mezbonlar hisobni tenglashtirdi – odatdagidek, mehmonlar ofsayd qopqoni qo‘yishga urinib, yana jazolandi – Balde ofsayd hosil qilishda xato qildi. Bo‘lim oxirida Levandovski Reshfordning uzatmasi bilan dublni rasmiylashtirdi, ammo bir necha daqiqa o‘tib kataloniyaliklar himoya chizig‘i yuqori joylashgani yana gol o‘tkazilishiga sabab bo‘ldi – bu safar de Yong orqaroqda qolib ketgandi. Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Yamal yaqin burchakni aniq nishonga olib, «Barsa»ni tanaffusga g‘olib holda olib chiqdi.

Ikkinchi bo‘limda Hansi Flik jamoasi boshqa gol o‘tkazmadi. Lekin statistika «Barsa» uchun yoqimli ko‘rinishda emas, jamoa qatoasiga o‘ninchi o‘yindirki, darvozasini daxlsiz saqlay olmayapti, bu oraliqda 18 gol o‘tkazib yuborilgan. Bu 2013 yil martidan buyon eng yomon seriya (13 o‘yin, 21 gol). O‘yindagi yana bir minus – Frenki de Yong maydondan chetlatilishi bo‘ldi, u o‘yin oxirida ikkinchi sariq kartochkani oldi. Ungacha esa Levandovski het-trik qayd etgan va g‘olib masalasini hal qilib bo‘lgandi. Bu g‘alaba evaziga «Barsa» turnir jadvalida «Real» bilan oradagi farqni uch ochkoga qisqartirib oldi.

Italiya: peshqadam uch bor o‘zgardi

«Bolonya» – «Napoli» 2:0
Gollar:
Dallinga, 50 (1:0). Lukumi, 66 (2:0)
«Bolonya»: Skorupski (Pessina, 8), Heggem, Lukumi, Miranda, Holm, Pobega (Kazale, 81), Fergyuson, Odgor (Bernardeski, 61), Rou (Kambyagi, 46), Orsolini (Moro, 81), Dallinga
«Napoli»: Milinkovich-Savich, Buondjorno (Juan Jyezus, 77), Rraxmani, Guterres (Olivera, 77), Di Lorenso, Lobotka, Maktominay (Lukka, 82), Zambo Angissa, Elmas (Neres, 68), Politano (Lang, 68), Hoylund
Ogohlantirishlar: Orsolini, 74 – Hoylund, 63. Lang, 71. Neres, 76

Shanba kuni «Milan» «Parma» bilan o‘yinda g‘alabani qo‘ldan chiqargach (2:2), «Napoli» birinchi o‘rinni o‘zida saqlab qolgandi. Ammo Bolonyadagi mag‘lubiyatdan keyin amaldagi chempionlar peshqadamlikni boy berishdi va rossonerilar onlay rejimda to‘plar nisbati evaziga birinchi o‘ringa chiqib olishdi. Antonio Konte jamoasi ikkinchi bo‘lim boshida Dallingdan gol o‘tkazib yubordi, ko‘p o‘tmay Holmning o‘ng qanotdan uzatmasini himoyachi Lukumi golga aylantirdi va amalda o‘yin taqdirini hal qildi. «Bolonya» bu g‘alaba evaziga «Yuventus»ni quvib o‘tib, beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ushbu jamoa g‘alaba uchun uch ochko berish boshlangan davrda hali biror marta 11 turda 21 ochko to‘plamagandi.

«Roma» – «Udineze» 2:0
Gollar:
Pellegrini, 42 – penalti (1:0). Zeki Chelik, 61 (2:0)
«Roma»: Svilar, N`Dika, Ermoso, Manchini, Kristante, Kone, Uesli Vinisius (Tsiolkovski, 90), Zeki Chelik (Gilardi, 90), Pellegrini (Al-Aynaviy, 74), Soule (Al-Sha’roviy, 74), Dovbik (Baldansi, 42)
«Udineze»: Okoyye, Kabasele (Palma, 53), Sole, Bertola, Chelstrem (Petrovski, 72), Atta, Ekkelenkamp, Kamara (Zemura, 82), Dzanoli, Dzanolo (Bayo, 82), Buksa (Devis, 72)
Ogohlantirishlar: Kristante, 28. Pellegrini, 45 – Chelstrem, 62

Ko‘p o‘tmay «Roma» o‘z o‘yinida g‘alaba qozondi va «Milan»ni quvib o‘tib, birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Jamoa o‘z tarixida oltinchi bor 11 turdan keyin 24 ochko to‘pladi. Oldingi holatlarning barchasida «bo‘rilar» yakunda kuchli uchlikda qolishgan, bu safar esa Jan Piyero Gasperini jamoa bilan skudettoni maqsavd qilmoqda. Bu mavsumda asosan minimal hisobda g‘alaba qozonib kelayotgan rimliklar «Udineze» bilan o‘yinda an’anani buzishdi va ikki gol farqi bilan g‘alaba qozonishdi.

«Inter» – «Latsio» 2:0
Gollar:
Martines, 3 (1:0). Bonni, 62 (2:0)
«Inter»: Zommer, Acherbi, Bastoni, Akanji, Suchich (Karlos Augustu, 56), Hoqon Chalxono‘g‘li (Frattezi, 81), Barella, Dimarko, Dyumfris (Zelinski, 56), Martines (Tyuram, 71), Bonni (Espozito, 81)
«Latsio»: Provedel, Romanioli (Provstgor, 75), Xila, Marushich, Latssari (Pellegrini, 68), Kataldi (Vesino, 65), Bashich, Genduzi, Dzakkani, Isaksen (Pedro, 65), Dia (Noslin, 65)
Ogohlantirishlar: Akanji, 33. Suchich, 37. Dyumfris, 52 – Dzakkani, 72

Kun oxirida esa «Roma» ham peshqadamlikni boy berdi, endi xalqaro tanaffus yakunigacha «Inter» birinchi o‘rinda qoladi. Neradzurrilar «Roma»ni qo‘shimcha ko‘rsatkichlar hisobiga quvib o‘tdi. Faqat YeChLda gol urayotgan Lautaro Martines esa ichki chempionatda uch o‘yinlik quruq seriyasini yakunlab, tezkor gol bilan hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Dimarko yosh hujumchi Bonnini ideal uzatma bilan ta’minladi va hisobdagi farq oshirildi.

Germaniya: «Shtutgart» kuchli to‘rtlikda

«Shtutgart» – «Augsburg» 3:2
Gollar:
Rider, 8 (0:1). Mittelshtedt, 18 – penalti (1:1). Massengo, 26 (1:2). Deniz Undav, 39 (2:2). Deniz Undav, 80 (3:2)
«Shtutgart»: Nyubel, Zagadu, Yelch, Mittelshtedt, Assinon (Vagnoman, 90+1), Shtiller, Karazor (Narti, 74), Al-Hannus (Fyurix, 74), Leveling, Buanani (Tiagu Tomash, 67), Deniz Undav (Andres, 90+1)
«Augsburg»: Damen, Matsima, Shlotterbek, Benks (Gaueleu, 62), Massengo, Redjbechay (Volf, 84), Yannulis, Fellhauer, Kade (Kemyur, 81), Rider (Saad, 81), Klod-Moris (Essende, 62)
Ogohlantirishlar: Assinon, 69. Narti, 85 – Shlotterbek, 17. Matsima, 51. Yannulis, 74

«Shtutgart» o‘yin oxirida kambek qilib, «Bayyer»dan to‘rtinchi o‘rinni tortib oldi. «Augsburg»ga qarshi o‘yinda jamoa ikki bor hisobda ortda quvishiga to‘g‘ri keldi. Birinchi holatda himoyachi Mittelshtadt penaltidan gol urib, hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi holatda golni avtomatik aniqlash tizimi yordamga keldi. Faqat texnika orqali Undavning boshda yo‘llagan zarbasidan keyin darvozabon to‘pni darvoza chizig‘ini to‘liq kesib o‘tgachgina qaytargani aniqlandi. Ungacha mezbonlar yana bir bor Nyubelning xatosi tufayli ikkinchi golni o‘tkazib yuborgandi. Avvaliga ikki golli uzatmasi uchun maqtov olgan kiper qatorasiga ikkinchi o‘yinda himoyadan chiqishda noaniq uzatma bilan to‘pni raqibga sovg‘a qilmoqda. O‘yin oxiriga kelib tarozi pallasi istalgan tomon og‘ib ketishi mumkin edi. Ammo mehmonlar futbolchisi o‘ta qulay pozitsiyada turib xato zarba bergan bo‘lsa, Undav Shtillerning uzatmasidan keyin olis yuqori burchakni aniq nishonga oldi. 2023/24 yillar mavsumi boshidan hisoblansa, ushbu germaniyalik forvard top-5 ligalardagi eng sermahsul futbolchi ekani oydinlashadi. U o‘tgan vaqt mobaynida har 106 daqiqada bitta golli harakat amalga oshirib kelmoqda.

Mavzuga oid