Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Eron uchun yadro dasturi hayot-mamot masalasi” - siyosatshunos
Eron va AQSh o‘rtasidagi yadro muzokaralari yana boshi berk ko‘chaga kirib qolgan ko‘rinadi. Tehron o‘z dasturini milliy suverenitet va xavfsizlik masalasi deb bilsa, G‘arb uni global tahdid sifatida ko‘radi. Isroil omili esa muzokaralar markazida bo‘lishi tabiiy. Eron yadro dasturi atrofidagi vaziyat Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida muhokama qilindi.
Aziz Fayzullayev: Ayni sharoitda muzokaralar olib borish deyarli imkonsiz. Shu sababli hozircha bu yo‘lda biror ijobiy siljish ko‘rinmayapti. G‘arbning Eron yadro dasturi bo‘yicha ilgari surayotgan talablari esa, Eron hukumati ta’biri bilan aytganda, bajarilishi mumkin bo‘lmagan darajada og‘ir. 4 noyabr kuni Eronda AQSh elchixonasining 1979 yilda bosib olinishi hodisasi esga olindi, bu yil uning 46 yilligi nishonlandi. Tadbirda Eron oliy rahnamosi AQShning “takabburona siyosati”ni tanqid qilib, bu yo‘nalishda kelishuv imkonsizligini bildirgan edi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bayonotlariga ko‘ra, AQSh hozir Eron yadro dasturini to‘liq “muzlatish”ni talab qilmoqda. Eron hukumati esa bu talabni mamlakat manfaatlariga zid, bajarib bo‘lmas shart sifatida baholamoqda. Yadro dasturi Eron uchun ma’lum ma’noda hayot-mamot masalasiga aylangan. 2003 yilda Iroqda hokimiyat o‘zgargach, AQSh qo‘shinlarining mintaqaga kirishi fonida Eron yadro salohiyati Isroilga nisbatan yagona muvozanat unsuri bo‘lib qoldi. Shu sababli Tehron o‘z dasturidan voz kechmoqchi emas. G‘arb esa keskin yon berishni talab qilmoqda, bu esa muzokaralar yo‘lini yanada toraytirmoqda. 8 noyabr kuni “The New York Times” gazetasida e’lon qilingan maqolada Eron yadro imkoniyatlari haqida so‘nggi tahlillar berildi. Unga ko‘ra, Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) hozir Eron obektlarida deyarli nazorat olib borolmayapti. Shu bois Eronning hozirgi boyitish salohiyatini aniq baholash qiyin. Maqolada ta’kidlanishicha, garchi yadro dasturiga talafot bo‘lsa-da, Eron yadro dasturi bor-yo‘g‘i bir yoki ikki yilga orqaga surilgan xolos. 2015 yilda Eron va AQSh o‘rtasida hech qanday harbiy to‘qnashuvsiz, faqat diplomatik yo‘l bilan erishilgan yadro kelishuvi natijalari bilan solishtirganda Vashington uchun jiddiy yo‘qotish. Shuningdek, G‘arb, AQSh va Isroilning 2025 yil iyun oyidagi Eron obektlariga qaratilgan hujumlari Tehronni yangi kelishuvlarni imzolamaslikka undadi. Hozir G‘arb ekspertlari va tahliliy markazlariga ko‘ra, agar Eron xohlasa, u 20 kun ichida bitta, 6 oy ichida esa 10–11 ta yadro qurolini yaratish imkoniga ega. Ularning hisobicha, Eronning hozirgi uran zaxirasi 400–450 kilogrammdan ortiq.
Shavkat Ikramov: Eron uchun yadro quroliga ega bo‘lish masalasi, bu mamlakat uchun siyosiy barqarorlik va milliy xavfsizlik kafolatidir. Eron qadimiy davlatchilik an’analariga ega bo‘lgan buyuk davlat bo‘lib, uning siyosiy elitalari mintaqadagi jarayonlarni chuqur tahlil qila oladigan tajribaga ega. 1979 yildan keyingi inqilobdan so‘ng Eron Yaqin Sharqdagi voqealarni diqqat bilan kuzatib bordi va shunday xulosaga keldi: Isroilga qarshi turish yoki unga harbiy jihatdan muvozanat yaratishga uringan har qanday davlat ichkaridan beqarorlashtiriladi. Bunday holatlarda avval inqiroz, so‘ngra xaos yuzaga keladi, shundan keyin esa xalqaro kuchlar aralashadi — natijada Isroil manfaatlariga mos siyosiy elita hokimiyatga olib kelinadi. Bu ssenariylar Iroq, Suriya, Liviya va qisman Misrda takrorlandi. Iroqqa “yadro qurolini ishlab chiqmoqda” degan da’vo bilan harbiy aralashuv amalga oshirildi, natijada Saddam Husayn hokimiyatdan ag‘darildi va Iroq bugungi kunda inqiroz ichida qoldi. Xuddi shunday, Liviyada “diktatorlik” ayblovlari bilan Muammar Qazzofiy ag‘darildi va mamlakat xaosga yuz tutdi. Suriyada ham Isroil bilan muzokaralarga tayyor turgan hukumat almashtirildi. Eron bu voqealardan aniq xulosa chiqargan: yadro quroliga ega bo‘lmagan mamlakat mintaqaviy bosimga bardosh bera olmaydi. Shuning uchun Tehron uchun yadro dasturi bugun hayot-mamot masalasiga aylangan. Eron rahbariyati yaxshi biladiki, agar mamlakat harbiy jihatdan yetarli qudratga ega bo‘lmasa, Iroq yoki Liviyaning taqdiri uni ham kutishi mumkin. Shu sababli AQSh va Isroilning Eron yadroviy obektlariga zarba berish yoki qisqa muddatli urush o‘tkazish rejasi Eronni qo‘rqitmaydi. Chunki bu davlatda yadro texnologiyalari bo‘yicha shakllangan ilmiy maktab allaqachon mustahkam. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, boshqa davlatlar yillar davomida yaratadigan qurol tizimlarini Eron bir necha oy ichida ishlab chiqish salohiyatiga ega.
Eronning kuchli intellektual potensiali, texnik salohiyati va tabiiy boyliklari bunga imkon beradi. U yadro qurolini yaratish uchun tashqi manbalarga qaram emas — barcha zarur resurslar mamlakatning o‘zida mavjud. Shu sababdan Eronning yadroviy dasturini yo‘q qilishga qaratilgan har qanday urinish muvaffaqiyatsizlikka mahkum. Va eng muhimi bu bilan hech kim Eronni qo‘rqita olmaydi.
To‘liq suhbatni Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qiling.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
11:18
Sun’iy intellekt endi shunchaki texnologiya emas, u strategik qurol
00:49
Tramp Eron bilan kelishuv 14 iyun kuni imzolanishini ma’lum qildi
14:16 / 13.06.2026
🔴 LIVE: AQSh va Eron sulh yoqasida, Ukraina Rossiya ichkarisiga kirib bormoqda | "Geosiyosat"
11:20 / 13.06.2026