Jahon | 09:26 / 11.11.2025
4464
3 daqiqa o‘qiladi

Shatdaun: Tramp ishga chiqmayotgan aviadispetcherlarga tahdid qildi

AQSh prezidenti maosh to‘lanishi kechikkan davrda o‘z vazifalarini bajarishdan bosh tortgan aviadispetcherlarga to‘lovlarni “jiddiy qisqartirish” bilan tahdid qildi. Ishni davom ettirganlarga esa u 10 000 dollar miqdorida mukofot va’da qildi.

Foto: Grace Hie Yoon/Anadolu/IMAGO

AQShda davomiyligi bo‘yicha rekord o‘rnatgan shatdaun tufayli aviaqatnovlar keskin qisqarayotgan bir paytda mamlakat prezidenti Donald Tramp maoshlar kechikib turgan davrda o‘z majburiyatlarini bajarmagan aviadispetcherlarga nisbatan to‘lovlarni “jiddiy qisqartirish” bilan tahdid qildi. “Barcha aviadispetcherlar darhol ishga qaytishi shart!!! Buni qilmaganlarni jiddiy maosh qisqarishi kutmoqda”, — deb yozdi AQSh rahbari 10 noyabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Shu bilan birga, Tramp shatdaun paytida ham ishni davom ettirgan dispetcherlarni rag‘batlantirishni va’da qildi. Ularni “ulkan vatanparvarlar” deb atagan holda, har biriga 10 000 dollar (taxminan 8650 yevro) mukofot to‘lashni tavsiya qilishini bildirdi.

AQShda 40 kundan ortiq davom etayotgan shatdaun sabab aviadispetcherlar ikki oy ketma-ket maosh ololmadi. Shundan keyin kasallik ta’tiliga chiqish holatlari ko‘paydi. AQSh transport vaziri Shon Daffining aytishicha, moliyaviy qiyinchiliklar tufayli ayrim aviadispetcherlar qo‘shimcha ish izlashga majbur bo‘lgan.

AQSh Fuqaro aviatsiyasi federal ma’muriyati (FAA) 7 noyabr kuni aviakompaniyalarga mamlakatdagi eng yirik 40 aeroportda kunlik reyslar sonini to‘rt foizga qisqartirishni buyurganini e’lon qildi. Bu ko‘rsatkich 11 noyabrga borib olti foizga, 14 noyabrga borib esa o‘n foizgacha o‘sishi kerak.

O‘z navbatida aviakompaniyalar vakillari parvozlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘plab choralar reyslarni rejalashtirishni deyarli imkonsiz qilib qo‘yganini bildirdi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, minglab reyslar bekor qilindi yoki kechiktirildi.

Donald Tramp 10 noyabr kuni Truth Social’dagi postida ishdan bo‘shashni o‘ylayotgan aviadispetcherlarga hech ikkilanmasdan — “hech qanday to‘lov yoki kompensatsiyasiz” bunday qilishni tavsiya etdi. “Sizlar tezda haqiqiy vatanparvarlar bilan almashtirilasiz, ular hozir (AQSh hokimiyati — tahr.) buyurtma qilayotgan dunyoda eng yangi, zamonaviy uskunalarda yanada yaxshiroq ishlaydi”, — dedi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid